21:25 / 24.12.2015
5319

AQShda 40 yillik taqiqlovdan keyin neft eksport qilish bo‘yicha birinchi shartnoma tuzildi

Texas shtatida joylashgan Enterprise Products Partners L.P. kompaniyasi AQShda 40 yil amal qilgan neft eksport qilishga taqiqlovning bekor qilinishidan keyin neft eksport qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan birinchi AQSh kompaniyasi bo‘ldi.

Enterprise Products Texasda qazib olingan 600 ming barrel neftni yanvarning 1-haftasida Xyustondagi terminaldan jo‘natadi.

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya Niderlandiyaning Vitol Group kompaniyasi bilan shartnoma tuzgan. Neftning birinchi partiyasini Shveytsariyadagi neftni qayta ishlash zavodiga yuborish rejalashtirilmoqda, u yerdan yonilg‘i Shimoliy Yevropaga yetkazilishi mumkin.

Kompaniya xabarida ta'kidlanishicha, neftni eksport qilishga taqiqlovning bekor qilinishi AQShda iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda mamlakatning energetik xavfsizligini oshirishga turtki beradi.

18 dekabrda prezident Barak Obama AQShning 2016 moliyaviy yil uchun byudjyet loyihasini imzoladi, unga ko‘ra 40 yil avval mamlakatda kiritilgan amerika neftini eksport qilishga taqiqlov bekor qilindi.

Top