18:29 / 24.12.2015
3586

Klaudio Raneri: "Lester" - Forrest Gampga o‘xshaydi

"Lester" jamoasi bosh murabbiyi o‘z boshqaruvidagi jamoani taniqli personaj Forrest Gampga tenglashtirdi. Ayni vaqtda, APLning 17 turidan keyin "tulkilar" turnir jadvalida birinchi o‘rinni egallab turishibdi.

"Men jamoamga ishonaman. Chunki, bu jamoa o‘tgan mavsumdayoq o‘z matonatini ko‘rsatib qo‘ygandi.

Nega endi biz shunday ruhda davom eta olmasligimiz kerak ekan? Biz xuddi Forrest Gamp kabi harakat qilamiz. "Lester" - bu Forrest Gampning o‘ziga o‘xshaydi. Biz ishlashimiz va ishlashimiz kerak. Biz o‘z kuchimizni to‘g‘ri baholay olamiz, o‘zimizning qanday bardoshli ekanimizni bilamiz. Bu futbolchilar istalgan chaqiriqqa javob bera olishadi.

Bizning o‘yin uslubimizmi? O‘yinda to‘pni nazorat qilish o‘ta muhim. Ammo bu bizning muvaffaqiyatlarimizni ta'minlaydigan asosiy jihat emas. Biz o‘yinda to‘pni nazorat qilishga harakat qilishdan tashqari, futbolchilarning o‘ta ahilligi evaziga yaxshi natijalar uchun intilamiz. Tan olish kerakki, bizda "Arsenal" yoki "Manchester Siti"da bo‘lganidek yuqori saviyali futbolchilar ko‘p emas, lekin biz ular bilan tengma-teng kurashishda davom etamiz. Har bir o‘yin biz uchun eng so‘nggisi kabi bo‘ladi", deydi italiyalik mutaxassis.

Qayd etish kerakki, u mavsum davomidagi har bir g‘alabali o‘yindan keyin jurnalistlarga intervyu berish chog‘ida hali APLda jon saqlab qolish uchun qancha ochko to‘plash kerakligi haqida gapirib, 40 ochko to‘planguniga qadar mavsum yakuni bo‘yicha va'dalar berishga erta ekanligini aytib, kamtarlik qilib kelardi.

Endilikda jamoa turnir jadvalida 38 ochko to‘plagan holda yetakchilik qilmoqda. "Lester" Boxing day haftasida "Liverpul", "Manchester Siti" va "Bornmut" jamoalarga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi.

Top