16:51 / 25.12.2015
3295

2016 yilda Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi 40ta obekt Wi-fi tarmog‘iga ulanadi

«O‘zbektelekom» AK «O‘zbekturizm» milliy kompaniyasi bilan hamkorlikda 2016 yilda Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi 40 ta obektga Wi-Fi tarmoqlarini o‘rnatadi. Bu haqda 25 dekabr kuni “O‘zbektelekom” AK tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, «O‘zbektelekom» O‘zbekistonning tarixiy va madaniy meros obektlari hududida, jumladan, sayyohlar ko‘p bo‘ladigan joylarda Wi-Fi tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Bugungi kunga qadar «O‘zbektelekom» AK tomonidan Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlaridagi 25 ta tarixiy va madaniy meros obektlari hududida, sayyohlar ko‘p bo‘ladigan (turistlar ko‘p tashrif buyuradigan aeroport, vokzal, yirik savdo markazlari, bozorlar, avtostansiyalar va boshqalarda) joylarda Wi-Fi tarmog‘i ishga tushirildi. Bundan tashqari, ikki obektda rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Xizmatning qulay tomoni shundaki, foydalanuvchilar bir Wi-Fi kartasi yordamida «O‘zbektelekom»ning Wi-Fi tarmog‘iga kiritilgan barcha obektlardagi kompaniya internet xizmatlaridan foydalana oladi. Agar abonent kartani Xivada sotib olgan bo‘lsa, undan boshqa shaharlarda ham foydalanishi mumkin.

Gulnoza Qosimova, O‘zDJTU talabasi

Top