21:37 / 25.12.2015
7711

Turkiya o‘z sayyohlik tarmog‘ini Rossiya sanksiyalaridan himoya qilmoqchi

Turkiya Rossiya tomonidan sanksiyalar kiritilgandan keyin mamlakatning sayyohlik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar qabul qilmoqchi. Bu haqda 25 dekabrda Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu ma'lum qildi.

Dovudo‘g‘luning aytishicha, 2015 yilning fevralidayoq Anqara MDHning 8 ta davlati bilan ishlaydigan sayyohlik firmalariga ko‘mak berishni boshlagan. Uning aytishicha, bu ko‘mak soliq imtiyozlari va kreditlar olishni osonlashtirish bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, 2015 yilning aprel-may oylarida turk hukumati sayyohlar bo‘lgan har bir charter reys uchun 6 ming dollardan pul to‘lagan. 2016 yilning shu oylarida ham bu chora “bozorning torayishiga qarshilik ko‘rsatish” uchun barcha davlatlarga nisbatan qo‘llanadi.

Rosturizm ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning 1-yarmida Rossiyaga Turkiyadan 69 ming sayyoh tashrif buyurgan. Rossiyadan Turkiyaga dam olgani boradiganlar anchagina ko‘proqni tashkil qilgan: 2015 yilning 1-yarmida Turkiyaga milliondan ko‘proq rossiyalik hordiq chiqargani borgan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyaning Su-24 harbiy samolyoti turk uchuvchilari tomondan urib tushirilgandan keyin Rossiya Turkiya iqtisodiyotining bir qator tarmoqlari, jumladan sayyohlik tarmog‘iga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar kiritgan.

Top