21:40 / 27.12.2015
7293

AQSh 2014 yilda eng ko‘p qurol sotgan davlatlar reytingidagi yetakchiligini saqlab qoldi

AQSh Kongressi qoshidagi ekspertlar guruhi tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2014 yilda qurol-yarog‘ sotish bo‘yicha dunyodagi yetakchiligini saqlab qoldi. Amerika qurollari eksportining hajmi o‘tgan yilda qariyb 10 milliard dollarga ortdi, deya xabar bermoqda The New York Times nashri.

Tadqiqot xulosalariga ko‘ra, 2014 yilda Amerika qurollarining savdosi hajmi 36, milliard dollarga qadar o‘sgan. 2013 yilda esa bu ko‘rsatkich 26,7 milliardni tashkil etgan. Savdolar hajmining o‘sishiga Qatar, Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya bilan tuzilgan ko‘p milliardli shartnomalar sabab bo‘lgan. Shu yo‘l bilan AQSh 2014 yilda dunyo bo‘ylab sotilgan qurol-yarog‘larning 50 foiziga egalik qildi.

2014 yilda 10,2 milliard dollarlik qurol sotgan Rossiya mazkur ro‘yxatining ikkinchi pog‘onasini egallagan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Shvetsiya ($5,5 mlrd), Fransiya ($4,4 mlrd) va Xitoy ($2,2 mlrd) tilga olingan.

2014 yilda qurol-yarog‘larning eng katta xaridori Janubiy Koreya bo‘ldi. Shimoliy Koreya bilan munosabatlar keskinlashgan sharoitda Seul qurollanishga 7,8 mlrd dollar ajratgan. Undan keyin esa 7,3 mlrd dollarga qurol sotib olgan Iroq, uchinchi bo‘lib Braziliya ($6,5 mlrd) qayd etilgan.

Hisobotga binoan, 2014 yilda dunyo bo‘yicha 71,8 millard dollarga o‘lim keltiruvchi vositalar xarid qilingan. 2013 yilda mazkur ko‘rsatkich 70,1 mlrd.ni tashkil etgan.

Top