07:55 / 27.12.2015
37492

IShIDning sobiq jangarilari u haqdagi jirkanch haqiqatni so‘zlab berishdi

IShIDni tark etishga muvaffaq bo‘lgan sobiq jangarilar mutaxassislarga terrorchilik guruhining vahshiyliklari va ular nima uchun IShIDni tark etishga qaror qilishgani haqida so‘zlab berishdi.

Terrorchilik muammosi bo‘yicha olimlar Anna Spekxard va Axmet S. Yayla suriyalik sobiq jangarilardan intervyu olishdi. Ular bu erkaklarni Suriya-Turkiya chegarasida aniqlashgan.

Erkaklarni IShID safini tark etishga undagan asosiy sabab shundaki, guruh juda shafqatsiz va undagi hayot tarzi ular targ‘ibot qilayotgan “diniy jannat”dan ancha yiroqdir.

Sobiq jangarilar IShIDning strategiyasini tashkil qiluvchi uning shafqatsizligiga aniq misollar keltirib o‘tdilar. “U yerda Xut degan quduq bor. Ular asirlarning ko‘zlarini bog‘lab, ularga “Sen ozodsan, bor ketaver, lekin ko‘zingni ochma”, deyishardi. Asirlar ko‘zlari bog‘langan holda ketishardi va quduqqa qulardilar”, deb aytdi erkaklardan biri. Uning aytishicha, bu quduqqa shu yo‘sinda 300 dan ko‘proq odam tashlab yuborilgan.

Jangarilar shunday xatti-harakatlar bilan aholini qo‘rquvda ushlab turgan va boshqa terrorchilik guruhlarini qo‘rqitgan. Xususan, qochoqlardan biri IShID ikki yil avval “Ozod Suriya armiyasi”ga qarshi Raqqa shahrida xudkush-bolalardan foydalanganini aytdi.

Yana bir qochoq jangarilar ayb ish qilganlarga nisbatan qo‘llagan jazolari haqida so‘zlab berdi. “Agar kimdir nimanidir noto‘g‘ri qilgan bo‘lsa, ular uni suvda qiynashardi. Agar ularga kimdir yoqmasa, uni o‘ldirishardi”, deb aytmoqda erkak.

Sobiq jangarilar IShIDni yolg‘onchilikda ham ayblashmoqda, ular jangarilarning aytayotganlari haqiqiy vaziyatga mos kelmasligini ta'kidlamoqdalar. “2014 yilda men IShID yolg‘onchilar ekanligini angladim. Misol uchun, bir ayolni zo‘rlagan bir yigitga hech qanday jazo qo‘llanmagan”, deb aytmoqda erkaklardan biri.

Qochoqlarning aytishicha, hozirda guruh Suriyada yangi jangarilarni o‘z safiga yollashda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Avval kaltafahm odamlar IShID safiga yaxshi hayot izlab borgan bo‘lsa, hozirda bosib olingan hududlardagi odamlar boshiga tushgan nochorlik va boshqa musibatlar bosimi ostida bu “xom xayollar” barbod bo‘lmoqda.

Top