18:29 / 27.12.2015
30159

Namanganda sobiq boshlig‘idan qasos olishni istagan shaxs qotillarni yollab, butun oilani qatl qildirdi

Namanganning Norin tumanida istiqomat qiluvchi Azizbek Ahmedov jahl ustida og‘ir jinoyatga qo‘l urib, uzoq yillarga qamoqqa tashlandi. Voqea tafsilotlari “Huquq” gazetasi keltirmoqda.

Aytilishicha, Ahmedov “Norintexservis” MChJni 10 yil boshqarib kelgan. Ahmedovga ishongan korxona rahbari Zumrad Boymetova o‘ziga tegishli “Norin sof kredit” MChJ boshqaruvini ham unga topshirgan. Ammo Ahmedov moliyaviy jinoyatlarga qo‘l urayotganini, unga bo‘ysunmay qo‘yganini payqagan ayol xodimini bo‘shatib yuborgan. Ahmedov ayoldan o‘ch olish payiga tushgan.

Shu maqsadda u pul evaziga qotillarni yollagan. Ular orasida endi 19 yoshga to‘lgan Bahriddin Boqijonovlar ham bor edi. Guruhning qolgan a'zolari - Sherzodbek Ismoilov va Nodirbek Husanov bir necha marotaba sudlangan jinoyatchilar edi.
Qotillar reja tuzib, tungi paytda Boymetovaning hovlisiga bostirib kirishgan. Ayolning yotoqxonasiga bostirib kirib, uni qo‘lga olishgan. Shovqindan uyg‘onib ketgan kelini D. Ortiqova ham ikki farzandi bilan qo‘lga olingan.
Uy egalari qiynoqqa solinadi. Boymetovaning qo‘llagi temir armaturalari va o‘qlov bilan urib, xushidan ketkizishadi. Ayollarni qiynoqqa solib, jinoyatchilar ulardan 33.5 mln so‘m undirishgan. So‘ng hovlida turgan Nexia mashinasining kalitini olishgan.

Qotillar Boymetovaning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, mashinaning yukxonasiga joylashgan, oilaning qolgan a'zolarini esa mashinaga joylashtirib, Andijon kanaliga olib borishgan.
U yerga yetib borgach, qotillar bir necha oylik go‘dak Javohirni onasidan tortib olib, ko‘chaning bir chetiga uloqtirib yuborishgan. D. Ortiqovaning o‘zini katta o‘g‘li Kamron bilan qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, kanalda cho‘ktirib yuborishgan.
Nihoyat, Nexia’ni yukxonasida yotgan Z. Boymetova bilan birgalikda suvga g‘arq qilishgan.
Bir necha kundan so‘ng Boymetovaning komandirovkadan qaytib kelgan o‘g‘li oila a'zolarini topa olmay, shubhaga borgan. U tezda tegishli idoralarga murojaat qilgan va o‘zi ham qidiruv ishlarini olib borgan. Natijada qotillar tez orada qo‘lga olingan.

Keyinroq aniqlanishicha, jinoyatchilar tomonidan ko‘cha chetiga tashlab ketilgan murg‘ak Javohir Jamshid Sobirov ismli shaxs tomonidan topib olingan va uning hayoti saqlab qolingan.
Jinoiy ishlar bo‘yicha Namangan viloyat sudi A. Ahmedovni 20 yilga, Sh. Ismoilov va N. Husanovni 25 yilga, voyaga yetmagan B. Boqijonovni 15 yilga qamoq jazosiga mahkum etdi.

Top