07:01 / 28.12.2015
3146

Isroil raketaga qarshi mudofaa rahbari maxfiylik qoidalarini buzgani uchun iste'foga chiqarildi

Isroil mudofaa vazirligi mamlakatning raketaga qarshi mudofaa dasturiga boshchilik qilgan Yair Ramatining iste'foga chiqarilganini ma'lum qildi.

Mudofaa vazirligining rasmiy bayonotida Ramati “axborot maxfiyligi qoidalarini qo‘pol buzgani uchun” ishdan bo‘shatilgani aytilgan. Mudofaa vazirligi Ramatiga qilgan xizmati uchun minnatdorchilik bildirib, boshqa izohlar berishdan bosh tortdi. 

Haaretz nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Ramatining aybi shunda bo‘lganki, u maxfiy axborotni o‘zining shaxsiy kompyuterida saqlagan. Bu ma'lumotlar qayergadir chiqib ketganining isboti bo‘lmasada, mudofaa vazirligida ishning nozikligini hisobga olgan holda bunday xatti-harakatga yo‘l qo‘yib bo‘linmasligi haqidagi xulosaga kelindi.

Ramati 4 yil davomida “Temir gumbaz” va “Kamon” kabi dasturlarga javob bergan. Bu dasturlardan maqsad mamlakatni tashqaridan raketa hujumidan, jumladan G‘azo sektoridan turib falastin ekstremistlari tomonidan Isroil shaharlarining raketalar bilan o‘qqa tutilishidan himoya qilishdan iborat bo‘lgan.

Bunday voqea Isroil mudofaa vazirligida birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Bir necha yil avval Isroil mudofaa vazirligi Isroilning shimolidagi artilleriya qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan Ilan Levini noma'lum shaxslar tomonidan olib qochib ketilgan mashinasida maxfiy hujjatlarni qoldirib ketgani uchun bo‘shatib yuborgan. Mashina keyinroq hujjatlar bilan topilgan, biroq bu Levining o‘z lavozimini saqlab qolishiga yordam bermagan.

Top