16:15 / 28.12.2015
2364

Kobul aeroporti yaqinidagi terakt tufayli jarohatlanganlar soni 30 nafarni tashkil etdi

Afg‘oniston poytaxtidagi aeroport yaqinida yuz bergan portlash tufayli jarohatlanganlar soni 30 nafarga yetdi. Bu haqda Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga asoslanib, TOLO News axborot agentligi xabar tarqatgan.

Dastlabki xabarlarda, bu terakt tufayli 1 kishi halok bo‘lgani va 4 kishi jarohat olgani aytilgandi.

Afg‘oniston IIV vakili Siddiq Siddiqiyning ma'lum qilishicha, bu portlash tanasiga bomba o‘rnatilgan terrorchi qurilmani harakatlantirishi tufayli sodir bo‘lgan. Bu teraktdan maqsad xorijiy harbiylar kolonnasi bo‘lgani aytilgan.

Qayd etish kerakki, bu terakt Pokiston armiyasi qo‘mondoni Raxil Sharif Afg‘oniston va "Tolibon" o‘rtasidagi tinchlik sulhi tuzish bo‘yicha muzokaralarni tiklash uchun Kobulga kelgan vaqtda sodir etildi.

"Tolibon"ning Afg‘onistondagi vakili Zabihullo Mudjohidning o‘z tvitterida yozishicha, bu teraktning maqsadi amalga oshgan.

NATOning Kobuldagi vakili bu terakt tashkilot missiyasiga ta'sir ko‘rsatmaganini bildirgan.

Top