11:25 / 31.12.2015
9842

BMT vakili: 2003 yilda AQShning Iroqqa kirishi IShIDning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi

AQSh harbiylarining 2003 yilda Iroqqa kirishi xato qadam bo‘lgan va uning ortidan Yaqin Sharq hududida siyosiy vaziyat beqarorlashib, IShID yuzaga kelishi uchun sharoit hosil bo‘lgan. Bu haqda BMT bosh assambleyasi raisi Mogens Lyukketoft aytib o‘tgan.

"Biz Iroqqa 2003 yilda bostirib kirilishi xato bo‘lganini inkor eta olmaymiz. AQShning hozirgi prezidenti Barak Obama ham buni tan olgan. Bu qarorni qabul qilganlar uning oqibatlari haqida tushunchaga ega bo‘lmasdan shunday xatoga qo‘l urishgan. Amerikalik harbiylarning Iroqqa kirishi mintaqada turli qarama-qarshiliklarni keltirib chiqardi va jamiyatdagi beqarorlikdan foydalanganlar IShIDni tuzishdi", deydi u.

Uning fikricha, Iroqda yanada demokratik qarashlarni singdirish va hududdagi kamchilikning manfaatlari himoya qilingan bitimlarni tuzish kerak. BMT vakilining qayd etishicha, Iroq tajribasining omadsizlikka yuz tutganidan xulosa chiqargan holda Suriyadagi siyosiy muammoni hal qilishda aql bilan ish tutish lozim.

BMT Xavfsizlik kengashi 2016 yilning yanvarida Damashqda Suriya hukumati va muxolifati o‘rtasida muzokaralar tashkil qilishi va o‘tish davri hukumati tuzilishini ma'lum qilgan. 2017 yilda esa yangi hukumat uchun saylovlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

"Oldindagi saylovlar amaldagi konstitutsiya doirasida, kamchilikning manfaatlarini (xristianlar, alavitlar, druzlar va kurdlar) hisobga olgan holda o‘tkazilishi kerak. Mintaqada yangi ziddiyatlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi", deya aniqlik kiritadi BMT vakili.

Mogens Lyukketoftning qayd etishicha, BMT Iroq va Suriyada kamchilikni tashkil etuvchi elatlarga ko‘proq e'tibor qaratishi zarur.

"Aks holda bizni navbatdagi qonli va uzoq davom etuvchi fuqarolik urushlari kutadi. Bu globallashishi mumkin", deydi u.

Uning ishonch bildirishicha, mintaqadagi vaziyatni hal etish muzokaralarida asosiy rollarni o‘ynaydigan davlatlar Suriyada 2011 yildan buyon davom etayotgan mojarolarni tugatish zarurligini chuqur anglashi lozim. U bu mojarolar shu vaqtgacha 250 mingdan ortiq kishining yostig‘ini quritganini eslatib o‘tgan.

Top