19:14 / 31.12.2015
3582

Nursulton Nazarboyev amaldorlarga kamtar va xushmuomala bo‘lishni buyurdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Qozog‘iston Respublikasi davlat xizmatchilarining axloq me'yorlari va o‘zini tutish qoidalarini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Amaldorlarning axloq kodeksi 2016 yil 1 yanvardan “davlat xizmatchilarining ma'naviy qiyofasi va ishchi sifatlariga talablarni oshirish maqsadida” kuchga kiradi, deb xabar bermoqda nur.kz sayti.

Hujjatda davlat xizmatini o‘tash – jamiyat va davlat tomonidan bildirilgan alohida ishonchning ifodasi ekanligi va bunday joylarda ishlovchilar o‘z mehnatiga butun kuchi, bilim va tajribasini berishi  va davlatiga rosto‘y va beg‘araz xizmat qilishi kerakligi ko‘rsatilgan. 

Kodeks jamiyatda davlat organlariga ishonchni mustahkamlash, davlat xizmatida o‘zaro munosabatlarning yuqori madaniyatini shakllantirish va davlat xizmatchilarining o‘zini axloqsiz tutishining oldini olishga qaratilgan.

Nazarboyev, shuningdek, amaldorlar rostgo‘y, adolatli, kamtar bo‘lishlari, umumqabul qilingan axloq-odob me'yorlariga amal qilishlari, fuqarolar va hamkasblari bilan muloqotda xushmuoma bo‘lishlari, qabul qilayotgan qarorlarining qonuniy va adolatli bo‘lishi kerakligini aytdi. 

Shuningdek, amaldor shaxslar o‘z xatti-harakatlari bilan jamiyat tomonidan tanqidga o‘rin qoldirmasliklari kerak hamda o‘z lavozimidan shaxsiy masalalarni hal qilishda davlat idoralari, tashkilotlar, davlat xizmatchilari va boshqa shaxslar faoliyatiga ta'sir qilish uchun foydalanmasliklari lozim. 

Nazarboyev barcha davlat xizmatchilariga “davlat mulkining butligini ta'minlash, topshirilgan davlat mulkidan oqilona, samarali va faqatgina  xizmat maqsadida foydalanish” va “ish vaqtidan oqilona va samarali foydalanish” majburiyatini qo‘ydi.

Axloq kodeksi amaldorlarni tashqi ko‘rinishiga ahamiyat berishga chaqiradi, xizmatdan tashqari vaqtda o‘zini tutish standartlarini belgilaydi. 

Top