16:15 / 02.02.2016
4336

FT: YeI terroristlar orasida 500 yevrolik kupyuralar paydo bo‘lganidan xavotirda

Yevrokomissiya Yevropada terrorizmni moliyalashtirishni bartaraf etish bo‘yicha choralar doirasida Yevroittifoqda 500 yevrolik kupyuralarning katta miqdori sababli tergov boshlash arafasida. Bu haqda Financial Times xabar qildi.

Ayni paytda YeIdagi ko‘plab do‘kon va savdo markazlarida 500 yevrolik kupyuralarni olishdan bosh tortishmoqda. Yevrohududda bunday kupyuralarning umumiy miqdori esa jami yevrolarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Ekspertlar fikricha, shuning o‘zi ham haddan ziyod ko‘p sanaladi.

“Mazkur banknotalar o‘zining yuqori qiymati va katta bo‘lmagan hajmi bilan kriminal doiralar o‘rtasida keng foydalaniladi. 500 yevrolik eng yuqori nominalli banknotalar huquqni muhofaza qilish organlari e'tiborini o‘ziga tortgan muammo sanaladi”, - deyiladi terrorizmning moliyalashtirilishi va pul mablag‘larining “yuvilishi”ga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi matnida.

Muammoni hal etish uchun Yevrokomissiya Yevropol va Yevropa Kengashining milliy politsiya mahkamalari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bundan tashqari, kriminal va terroristik doiralarda katta nominaldagi kupyuralar bilan muloqot qilish darajasini kamaytirish bo‘yicha ham kerakli choralar qo‘llaniladi.  Qayd etilishicha, hozircha Yevropa markaziy banki 500 yevrolik kupyuralar aylanishini cheklash bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilgani yo‘q.

Top