11:23 / 02.02.2016
6304

O‘zbekiston milliy banki aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi banki deb topildi

O‘zbekiston prezidentining «Aholining omonatlarini jalb qilish bo‘yicha respublika tijorat banklari o‘rtasida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida» gi Qaroriga muvofiq respublika tijorat banklari o‘rtasida 2015 yil yakunlariga ko‘ra aholi bo‘sh pul mablag‘larini banklardagi omonatlarga jalb qilish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. O‘zbekiston respublikasi Markaziy bankining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tanlovda jami 26ta tijorat bankining 854ta filiali, 4 295ta mini-banki hamda maxsus kassalari ishtirok etdi.

Tanlov g‘oliblarini tantanali taqdirlash marosimi Tashkiliy qo‘mita raisi –Respublika Markaziy banki raisi F.Mullajonov boshchiligida O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi banki deb topilgan.
Ikkinchi o‘rinni «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka banki, uchinchi o‘rinni «Asaka» aksiyadorlik tijorat banki egallagan.

Tanlov natijalariga ko‘ra, g‘oliblar sakkizta asosiy va o‘n bitta qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Shuningdek, «Yilning eng yaxshi kassiri», «Omonatlarni jalb qilish bo‘yicha bank faxriysi», «Milliy valyutadagi eng yaxshi muddatli depozit», «Xorijiy valyutadagi eng yaxshi muddatli depozit», «Milliy valyutadagi eng yaxshi jamg‘arma depoziti», «Xorijiy valyutadagi eng yaxshi jamg‘arma depoziti», «Eng yaxshi plastik kartochkalar emitenti bo‘lgan bank», «Eng yaxshi plastik kartochkalar ekvayyeri bo‘lgan bank», «Bankning eng zamonaviy jihozlangan bo‘linmasi», «Aholi uchun eng yaxshi innovatsion mahsulot» va «Eng yaxshi innovatsion bank» kabi qo‘shimcha nominatsiyalar g‘oliblari taqdirlanishgan.

"Respublikamiz tijorat banklari o‘rtasida aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha har yili tanlov o‘tkazilishi banklarning bu yo‘nalishdagi faoliyatini yanada jadallashishiga, bank xizmatlari sifatining oshishi va turlarini kengayishiga, jismoniy shaxslarning talab va istaklarini inobatga olgan holda yangi omonat turlarining joriy etilishi va ko‘payishiga olib keldi", deyiladi xabarda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan tijorat banklari milliy hamda chet el valyutasida cheklanmagan miqdorda va muddatlarda 250dan ortiq omonat turini aholiga taklif etmoqda. Depozitga qo‘yilayotgan mablag‘larning miqdori oxirgi besh yilda 3,6 marotabaga, 2015 yilda esa 28 foizga oshdi.

Top