10:55 / 12.02.2016
4976

Qozog‘istonda bir yil ishlagan AQSh elchisi kech qolishni va mehmonlarni o‘tovda kutib olishni o‘rgandi

AQShning Qozog‘istondagi elchisi Jorj Krol ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilishining 25 yilligi munosabati bilan bergan brifingida bir yillik faoliyati davomida kech qolishni odat qilganini tan oldi.

“Men haqiqiy qozoqman, - dedi u. – Kech qolish juda yaxshi narsa, men bu an'anani o‘rgandim. Menga bu yoqadi, negaki erkin xalqning ko‘nikmasidir”.

Shuningdek, u Ostonadagi elchixona binosi markaziy maydonchasida o‘rnatilgan o‘tov ichida mehmon kutishini aytib o‘tdi.

“Bu Qozog‘iston tarixi... O‘tovning amaliy ustunligi ham bor – o‘tov tadbirlar o‘tkazish uchun ko‘p joy beradi, va barcha diplomat do‘stlarim menga hasad qiladi. Men bu o‘tovdan juda faxrlanaman”, - uning so‘zlarini keltiradi “Ekspress-K” nashri.

Shuningdek, Jorj Krol qozoqcha gapirishni o‘rganganini ta'kidladi va “Jaңa jylyңyzben!” deb jurnalistlarni Yangi yil, ya'ni Navro‘z bilan qutladi.

Eslatib o‘tamiz, Jorj Krol 2011-2014 yillarda AQShning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lgan.

Top