15:24 / 18.02.2016
3287

Brent markali neftning barreli 35 dollarga ko‘tarildi

18 fevral kuni ICE london birjasida Brent markali neftning aprel fyucherslari 8,3 foizga ko‘tarilib, bir barrel neft narxi 35 dollarga yetdi.

Shuningdek, Amerikaning WTI mart fyucherslari 7,2 foizga qimmatlab, 31,3 dollarga ko‘tarildi.

Neft narxi oshishiga Eronning yoqilg‘i bilan bog‘liq barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani haqidagi va'dalari sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu haqida 17 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Eron, Venesuela, Iroq va Qatar neft vazirlari o‘rtasidagi muloqot chog‘ida Eron Islom Respublikasi neft vaziri Bijan Namdar Zangane aytgan.

Qolaversa, narxning oshishiga Amerika neft institutining hisobi ham ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. Hisobotda aytilishicha, o‘tgan haftada AQSh neft zaxirasi 3,3 million barrelga qisqargan. Undan avvalgi haftada esa 2,4 million barrellik ko‘tarilish qayd etilgandi. Tahlilchilar neft zaxiralari 3 million barrelga oshishini taxmin qilgandi, deb yozadi RIA Novosti.

17 fevral kuni Texronda Eronning neft qazib olish hajmini 2016 yilning yanvar oyidagi holatini saqlab qolishga qo‘shilishi bo‘yicha muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu so‘nggi 15 yildagi neft qazib oluvchi davlatlarning eng yirik bitimi, deyish mumkin.
Bir kun avval Doha shahrida OPeKka a'zo mamlakatlar — Saudiya Arabistoni, Qatar, Venesuela vakillari va Rossiya energetika vaziri Aleksandr Novak 2016 yildagi neft qazib olish hajmini, agar boshqa ishlab chiqaruvchilar ham qo‘llab-quvvatlasa, joriy yilning yanvar oyi ko‘rstakichlari bo‘yicha muzlatib qo‘yish haqida kelishib olishgandi.

Top