17:56 / 20.02.2016
2569

Yoshlar ijod saroyida Ravshan Ermatov va bir guruh yoshlar o‘rtasida muloqot o‘tkazildi

19 fevral kuni Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida O‘zbekiston futbol federatsiyasining xalqaro toifadagi hakami, FIFA referisi Ravshan Ermatov bilan yoshlar o‘rtasida muloqot o‘tkazildi. Bu haqda UzA xabar qilgan.

Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirish, malakali murabbiy va hakamlar tayyorlashni yanada kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilayotgani va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani ta'kidlandi.

"Ravshan Ermatovning futbol bo‘yicha barcha nufuzli xalqaro turnirlarda hakamlik qilayotgani ana shu e'tibor samarasidir. O‘zbek o‘g‘loni 2008, 2009, 2010, 2011 va 2014 yillarda besh marotaba “Osiyoning eng yaxshi hakami” deb e'tirof etilgan. Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi uni 2011 yilda “Jahonning eng yaxshi hakami” sifatida tan oldi", deyiladi xabarda.

Ravshan Ermatov 2010 yili Janubiy Afrika Respublikasi va 2014 yili Braziliyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionatlarida ketma-ket ishtirok etib, jami 9 uchrashuvda hakamlik qildi va bu borada jahon rekordini o‘rnatgandi.

U biroz muqaddam futbol olamining nufuzli mukofotlaridan biri – “Globe Soccer Awards – 2015” sovrinini qo‘lga kiritgandi.

Ravshan Ermatov Islom Karimov farmonlariga muvofiq mamlakatimizning sport sohasidagi shon-shuhratini yuksaltirish, xalqaro maydonda o‘zbek futboli nufuzini oshirish, milliy futbol hakamlari maktabini rivojlantirish borasidagi katta xizmatlari hamda yosh avlodni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun 2010 yili “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2014 yilda “El-yurt hurmati” va 2015 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlandi.

"Futbol olamining eng nufuzli musobaqalarida ona Vatanimiz – O‘zbekiston nomidan qatnashish menga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Zero, iste'dodli yoshlarning Vatanni xalqaro maydonlarda madh etishdek ezgu orzulari ro‘yobiga yo‘l ochib berayotgan, keng imkoniyatlar yaratayotgan yurtimizning obro‘-e'tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shish har birimizning farzandlik burchimizdir", deydi Ravshan Ermatov.

Tadbirda qatnashgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Top