09:01 / 23.02.2016
2236

Fijida dovul oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 29 nafarni tashkil qilmoqda

Fiji arxipelagidagi orollarga 20-21 fevral kuni yopirilgan kuchli "Uinston" dovuli oqibatida halok bo‘lganlar soni o‘smoqda va ayni vaqtga kelib qurbonlar soni 29 nafar bo‘lgani qayd qilingan. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Voreke Bainimaramaga asoslanib, Reyter agentligi xabar tarqatgan.

U bo‘ron infratuzilmani to‘liq vayron qilgani va turar-joy binolariga jiddiy zarar yetkazgani, shuningdek qishloq xo‘jaligi sohasi jiddiy talofat ko‘rganini ma'lum qilgan.

Bosh vazir, shuningdek, hozircha yetkazilgan zararga aniq baho berib bo‘lmasligi, chunki uzoqda joylashgan orollardagi vaziyat haqida hukumat ma'lumotga ega emasligini ta'kidlab o‘tgan.

Meteorologlarning ma'lum qilishicha, dovul vaqtida uning epimarkazi yaqinida shamolning tezligi soatiga 230 kilometrga yetgan.

Arxipelagda jami 900 ming nafarga yaqin kishi istiqomat qiladi. Ularning aksari yog‘och uylarda yoki metalldan qurilgan boshpanalarda yashab kelishgan.

Mamlakat poytaxti Suva shahri ma'murlari ma'lumotiga ko‘ra, dovul shahardagi 140dan ortiq uyni to‘liq vayron qilgan. Boshpanadan ayrilgan 8 mingga yaqin kishi evakuatsiya markazlarida yashamoqda.

Top