21:29 / 26.02.2016
13807

Azur Air aviakompaniyasi Toshkentda samolyotining favqulodda qo‘nishiga izoh berdi

26 fevralda Toshkent aeroportida favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan samolyot egasi Azur Air aviakompaniyasida favqulodda vaziyatda uchuvchilar amalga oshirgan harakatlar to‘g‘ri bo‘lgani aytildi. Bu haqda "Rambler.Puteshestviya" nashriga kompaniyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Anastasiya Matyushina ma'lum qildi.

"Samolyot hujjatlari qo‘llanmasiga ko‘ra, uchuvchilar samolyotni bunday turdagi samolyotni qabul qila oladigan yaqin oradagi aeroportga qo‘ndirib, bu vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilishgan. Samolyot ishchi tartibda qo‘ndirilgan", deb aytdi Matyushina.

Matyushinaning aytishicha, reysdagi 327 yo‘lovchi ikkita zaxira samolyotlarining kelishini poylamoqdalar. Bu samolyotlar ularni Pxuketga yetkazadi. Ularga yegulik va ichimlik berilgan. Matyushina ikkita Boeing 757-200 samolyoti parvozga shay turganini, biroq aviakompaniya Pkuxetgacha yo‘lda joylashgan Hindiston, Pokiston va boshqa davlatlar tegishli idoralaridan uchib o‘tishga ruxsat berilishini kutmoqda.

Avvalroq Moskvadan Tailandning Pxuket oroliga uchib ketayotgan Boeing 767-300 samolyoti Toshkent aeroportida favqulodda qo‘nish amalga oshirgani ma'lum qilingandi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, samolyot dvigatelda moyning kamayib ketganidan ogohlantiruvchi datchikning ishlab ketganidan keyin qo‘ndirilgan. Rossiyaning Yenisey transport prokuraturasi ushbu voqea yuzasidan parvozlar xavfsizligi haqidagi qonunning bajarilishini tekshirishni boshladi.

Top