16:49 / 27.02.2016
4873

Rossiya samolyotlari Suriya hududida aviazarbalar berishni to‘xtatdi

Rossiya aviatsiyasi 27 fevral kuni o‘t ochishni bas qilish bo‘yicha kelishuv kuchga kirganidan keyin Suriyada aksilterror amaliyotlar o‘tkazishni to‘xtatdi. Bu haqda Rossiya Bosh shtabi boshqarmasi boshlig‘i Sergey Rudskoyga asoslangan holda Interfaks xabar tarqatgan.

Uning aytishicha, bu Suriyada hukumat va muxolifat o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvning kuchga kirishi bilan bog‘liq. Rossiyaliklar sulh vaqtida adashib, muxolifat marralariga zarba berishning ehtimolidan qochish maqsadida harbiy harakatlarni to‘xtatgan.

U Suriya osmonida 27 fevral kuni Rossiya harbiy samolyotlari parvoz qilmaganini ta'kidlagan.

22 fevral kuni AQSh va Rossiya Suriyada tinchlik o‘rnatish haqidagi hamkorlikdagi bitimni e'lon qilgan edi. Rossiya rahbari Vladimir Putin hamda AQSh prezidenti Barak Obama Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishib olgandi. Ushbu "tinchlik sulhi"ga muvofiq, 27 fevral, Damashq vaqti bilan yarim tundan boshlab Suriyada jangovar harakatlar to‘xtatildi.

Faqat IShID, "Jabhat an-Nusra" va yana bir qancha terrorchilik uyushmalariga nisbatan jangovar harakatlar to‘xtatilmasligi ma'lum qilingan.

Xmeymimdagi aviabazaga hududdagi 17ta harbiy uyushma vakillari kelib, tinchlik sulhini imzolagan. Jumladan al-G‘anim rahbarligidagi Suriya Demokratik armiyasi, "Iskanderon" otryadlari, "Sureym" va "Chelobiya" guruhlari, "Sahro lochinlari" va boshqalar.

26 fevral kuni BMT Xavfsizlik Kengashida Suriyada tinchlik o‘rnatish haqidagi rezolyutsiya bir ovozdan ma'qullandi.

Xavfsizlik Kengashi AQSh va Rossiyaning hamkorlikda qabul qilgan Suriyada harbiy harakatlarni 2016 yilning 22 fevralidan to‘xtatish haqidagi bayonotini qo‘llab-quvvatlashini hamda harbiy harakatlarni 2016 yil 27 fevralida Damashq vaqti bilan soat 00:00da to‘xtatishni talab qilishi haqida rezolyutsiya qabul qilgan.

BMT XK hujjatida Suriyadagi siyosiy o‘tish davrida Jyeneva konvensiyasiga muvofiq, suriyaliklarning o‘zi faol ishtirok etishi ta'kidlanadi.

Top