00:52 / 03.03.2016
3836

Hyundai kompaniyasi elektrlashtirilgan modelini namoyish qildi

Jyeneva avtosaloni ochilishi arafasida Hyundai kompaniyasi Toyota Prius’ga raqobatchilik qiluvchi Ioniq elektrlashtirilgan modelini namoyish qildi. Bu haqda Auto Express nashri ma'lum qildi.

Yangi mashina o‘zining yapon raqobatchisidan vazminroq tashqi ko‘rinishi bilan farqlanadi.

Mijozlarga avtomobilning uchta asosiy komplektatsiya varianti taklif qilinadi: to‘liq elektrlashtirilgan, gibrid hamda elektr tarmoqqa ulash imkoniyatiga ega gibridli.

Hyundai’ning ta'kidlashicha, komplektatsiyaning barcha variantlarida litiy-ionnli akkumulyatorlar ishlatiladi, bu esa mashinaga Prius’dan ustunlik berishi kerak.

Kompaniya yo‘lda samaradorlikni yaxshilash uchun mashinani Prius’dagi kabi pog‘onasiz uzatmalar qutisi bilan emas, balki 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlashni afzal ko‘rdi.

Birinchi bo‘lib modelning gibridli versiyasi ishlab chiqariladi. U 1,6 litrli va 104 ot kuchiga ega benzinli dvigatel hamda 43 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlanadi. Gibrid rejimida yonilg‘ining 100 km masofaga o‘rtacha sarfi 4,3 litrni tashkil qilishi kerak.

Ioniq ichi zamonaviy ekologik toza va texnik jihatdan mukammal materiallarning qo‘llanishi va ilg‘or xavfsizlik tizimi bilan farqlanadi. Mashinada iPhone va Android asosida ishlovchi qurilmalar bilan integratsiya hamda telefonlar uchun simsiz qurilma ko‘zda tutilgan.

Ioniq modeli Hyundai va Kia kompaniyalari 2020 yilgacha ishlab chiqarishni rejalashtirayotgan ekologik toza 22 ta modeldan biri bo‘lishi kerak.

Top