11:06 / 03.03.2016
10587

O‘zbekistonda aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish oyligi boshlandi

O‘zbekistonda 1 martdan 1 aprelga qadar hududlardagi birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida patronaj oyligi e'lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida shu yilning 29 fevralidan butun mamlakat bo‘ylab “Hech kim mehr va e'tibordan chetda qolmasin” shiori ostida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar boshlangan edi. 1 mart kuni vazirlik yana bir tashabbus bilan chiqdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 martdan 1 aprelga qadar hududlardagi birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarida patronaj oyligi e'lon qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar tarqatgan.

O‘zbekistonda patronaj oyligini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad inson manfaatlarini asrash va salomatligini muhofazalashga yo‘naltirilgan ana shunday ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, tibbiy-profilaktika tadbirlarini yanada takomillashtirish, fertil yoshdagi ayollar, homiladorlar, bolalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar, nogironlar, surunkali kasalligi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan bemorlar holidan xabar olish va tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish hisoblanadi.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida tibbiyot tizimida olib borilayotgan uzluksiz loyihalar natijasida aholini tibbiy patronaj yordami bilan qamrab olib bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi. 3000ga yaqin qishloq vrachlik punkti, 370dan ziyod oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalar tashkil etilib, ularning moddiy-texnika bazasi zamonaviylashtirildi. Ushbu birlamchi tibbiy-sanitariya bo‘g‘inida tibbiy ko‘riklarni tashkil etishda jahon tibbiyotining eng so‘nggi texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

Tibbiy patronaj yordamini amalga oshirish uchun malakali vrachlarning o‘rni beqiyos. Bu boradagi ishlarni tashkil etishda jahonning taraqqiy etgan mamlakatlaridagi ilg‘or tajribalar chuqur o‘rganildi hamda milliy mentalitetimizdan kelib chiqib mutaxassislar tayyorlashning va qayta tayyorlashning zamonaviy tizimi shakllantirildi. Bugungi kunda bu sohada yetti ming nafarga yaqin umumiy amaliyot vrachlari xalqimizga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda.

Aholini patronaj yordami bilan qamrab olishda patronaj hamshira faoliyati muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kunda birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalarimizda o‘n yetti ming nafardan ziyod ana shunday o‘rta bo‘g‘in tibbiyot mutaxassislari xizmat qilmoqda.

Patronaj hamshiralarning faoliyatini rivojlantirish, ularning bilim va tajribasini oshirish, ilg‘or tajribalarni ular o‘rtasida keng ommalashtirish doimiy e'tiborda. Shu maqsadda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan uzluksiz o‘quv-uslubiy mashg‘ulotlar, seminar-treninglar tashkil etilmoqda.

Bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida O‘zbekistonda 2014 yildan patronaj hamshiralar faoliyatini reyting baholash uslubini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari olib borildi. Ushbu chora-tadbirlar aholining tibbiy patronaj yordamidan bahramandligini oshirishga xizmat qilishi ma'lum bo‘ldi. 2016 yildan bu amaliyot barcha birlamchi tibbiyot muassasaslari faoliyatiga tatbiq etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 1 dekabrda qabul qilingan «Qishloq vrachlik punktlarining patronaj tibbiyot hamshiralarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora -tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan patronaj hamshiralar ishi samaradorligini reyting baholash tartibi tasdiqlandi. Buning natijasida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida uddalayotgan va aholiga patronaj yordami ko‘rsatish borasida yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan hamshiralarning mehnatidan manfaatdorligi oshmoqda.

"Patronaj hamshira shunday mutaxassiski, u nafaqat o‘ziga biriktirilgan xonadon a'zolarining tibbiy salomatligi bilan bog‘liq ahvol, balki, oilaning ruxiy, ijtimoiy holatidan ham xabardor bo‘lishi kerak. Negaki, inson salomatligini faqatgina tibbiy yordam bilan asrashning o‘zi yetarli emas. Salomatlikni asrash ko‘pdan ko‘p omillarga bog‘liq bo‘lib, bu jarayonda oilada tibbiy madaniyat darajasi, turmush tarzi, oiladagi psixologik, ijtimoiy, iqtisodiy muhit, tozalik, hududdagi ekologik muhit, ayniqsa aholining turmush tarzi boshqa shunga o‘xshash ko‘plab masalalar insonning sog‘lom va uzoq umr kechirishini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Mamlakatimizda keyingi besh yil ichida har 100 ming chaqaloqqa nisbatan onalar o‘limi 23,1 dan 19 taga, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 14,8 tadan 13,9 taga, chaqaloqlar o‘limi 11 tadan 10,7 taga kamaydi. Ushbu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Mingyillik rivojlanish maqsadlariga to‘liq erishdi.

Inson salomatligini, navqiron avlod kelajagini o‘ylab olib borayotgan mana shunday ishlar farzandlarimizning jismoniy kamolotida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Masalan, O‘zbekistonda bo‘y ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga mos keladigan 14 yoshli o‘g‘il bolalarning ulushi bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha 94,2 foizni tashkil etmoqda. Boshqacha qilib aytganda, 14 yoshdagi o‘g‘il-qizlarimizning bo‘yi keyingi o‘n yilda o‘rtacha 2,8 santimetrga o‘sganini alohida ta'kidlash lozim.

Patronaj oyligini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad- bu boradagi ezgu ishlarni yanada takomillashtirish, inson salomatligini muxofoza qilish, kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni ta'minlashga oid tadbirlar ko‘lamini kengaytirishdir.

Mazkur tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalariga qarashli barcha birlamchi tibbiy- sanitariya yordami muassasalarida o‘tkaziladi. Tadbirning ko‘lamini kengaytirish hamda samaradorligini oshirish maqsadida viloyat, tuman, shahar statsionar muassasalarining xodimlari hamda somatik kasalliklar bo‘yicha markaz, dispanser va shifoxonalarining tibbiy xodimlari ham o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha dispanser nazoratida turgan bemorlarni uylarida faol patronajni amalga oshirish uchun jalb qilinadi.

Patronaj davrida xonadonlarga qatnovlarni amalga oshirish bilan bir qatorda mazkur xonadonlarning tibbiy-ijtimoiy holatini o‘rganish, aholi salomatligida hamda kasallikni yuzaga keltirish mumkin bo‘lgan omillar, mavjud muammolarni aniqlash, ularni yechimini topish va bartaraf qilish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlariga axborot kiritish va tegishli choralarni belgilash vazifalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, keng omma, mahallalarda, o‘quv muassasalari va korxonalarda mahalla fuqarolik yig‘inlari faollari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Nuroniy” jamg‘armasi, “Kamolot” YoIH, IIB xodimlari, ta'lim tizimi va boshqa nodavlat tashkilot vakillari ishtirokida kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzi asoslari yuzasidan tadbirlar tashkillashtiriladi.

Top