08:21 / 04.03.2016
3764

La liga: "Barselona" "Rayo Valekano"ni yengdi va boshqa natijalar

Ispaniya chempionatining 27-turiga yakun yasaldi. Turning ikkinchi kungi o‘yinlarida musobaqa peshqadami "Barselona" safarda "Rayo Valekano" mehmoni bo‘ldi va yirik hisobda g‘alaba qozondi.

Rakitich 22 va Messi 23 daqiqada bittadan gol urdi. O‘yin kataloniyaliklarning g‘alabasi tomon borayotgandi, ammo uchrashuv hakami qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi. Jumladan, mehmonlar ikkita to‘p bilan oldinda borayotgan paytda referi to‘pga o‘ynab, so‘ngra butsasining tishi bilan Rakitichga urilgan Lorenteni maydondan chetlatdi.

53 daqiqada Messi ikkinchi golini urdi. 57 daqiqada Manushu hisobni qisqartirdi - 1:3.

Hisob 1:3 bo‘lib turganida Iturraga nohaq qizil kartochka ko‘rsatildi. Neymar jarima zarbasi yo‘llaganidan keyin to‘p to‘singa urilib, ofsaydda turgan Rakitichga kelib tushdi. Laynsmen o‘yindan tashqari holatni qayd etmadi va himoyachi yaqin masofadan darvozaga zarba bermoqchi bo‘lgan Ivanni ortdan tepib yiqitdi. Ushbu vaziyatda qanot hakamining e'tiborsizligi tufayli "Rayo" maydonda 9 kishi bo‘lib qoldi.

Qolgan daqiqalarda "Barselona" yana ikkita gol urdi. Messi 72 daqiqada xet-trikni rasmiylashtirdi, Arda Turon 86 daqiqada "Barselona" safidagi o‘zining dastlabki golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Luis Suares esa penaltidan gol ura olmadi.

Eslatib o‘tamiz, "Real"ga qarshi o‘yinda ham hakamlar qo‘pol xatolar tufayli "Rayo Valekano"ni 9 kishi bo‘lib qoldirishgandi va madridliklar 10:2 hisobida g‘alaba qozonishgandi.

Mazkur g‘alabadan keyin "ko‘k-anorranglilar" "Atletiko" va "Real" bilan oradagi 8 va 12 ochkolik farqni saqlab qoldi.

Turning qolgan uchrashuvlarida "Betis" Espanol"ni, "Granada" "Sporting Xixon"ni yengdi.

La liga, 27-tur
Rayo Valekano – Barselona 1:5 (0:2, 1:3)
Gollar: 0:1 – 22 Rakitich, 0:2 – 23 Messi, 0:3 – 53 Messi, 1:3 – 57 Manushu, 1:4 – 72 Messi, 1:5 – 86 Turon.
Rayo Valekano – Xuan Karlos, Krespo, Lorente, Tito, Marin, Embarba, Trasorras, Iturra, Piti (Xoni Montel, 56), Bebe (Amayya, 71), Manushu (Gerra, 80).
Barselona – Bravo, Suares, Pike, Mate, Maskerano, Serdji Roberto (Aleish Vidal, 72), Rakitich (Turan, 66), Buskets (Vermalen, 77), Inesta, Neymar, Messi.
Ogohlantirishlar: Turon (78), Neymar (87).
Chetlatishlar: Lorente (42), Iturra (67)

La-Liga, 27-tur: "Real" "Levante"ni yengdi va boshqa natijalar

Top