19:50 / 09.03.2016
2439

Lui van Gaal: «Men «Liverpul»ni raqib deb bilaman, dushman deb emas»

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal Yevropa Ligasining navbatdagi bosqichi doirasida «Liverpul»ga qarshi kechadigan bahs oldidan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

«Liverpul» «Manchester Yunayted»ga qarshi – shuning o‘zi hamisha jozibador viveskaga o‘xshaydi. Qadimdan shunday bo‘lib kelgan. Bu safargi to‘qnashuv ham har ikki jamoa uchun o‘ta muhim, turnirda g‘alaba qozonish orqali «Liverpul» yoki «Manchester Yunayted» keyingi mavsumda YeChLda ishtirok etish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi», – deydi murabbiy.

Van Gaal muxlislarning kayfiyati haqidagi fikrlarini ham bildirib o‘tgan.

«Angliyada futbol kishilarning hayotiga boshqa joylardagiga qaraganda chuqurroq kirib borgan. Albatta men Ispaniya va Germaniyada ham shunga yaqin holatni ko‘rganman, lekin bu o‘lkalarni solishtirib bo‘lmaydi, Angliyada bu borada sezilarli farq bor. Meni Angliyaga kelib ishlashga undagan sabablardan biri ham shu.

Men bu yerga kelganimdan keyin vaziyat kutganimdan ham ortiq ekanini ko‘rdim. Lekin bu menga yoqdi, chunki bunda har bir uchrashuvda muxlislar sen bilan bo‘lishini his qilish mumkin. Futbolchilar uchun ham, murabbiy uchun ham bu ajoyib hissiyot.

Barcha ham «Liverpul»ni dushman deb bilmaydi, ba'zilar esa bu jamoaga va muxlislariga yovga qaragandek qarashadi. Lekin menda bunday emas. Men hisoblaymanki, «Liverpul» –odatdagi raqib xolos va muxlislar bu raqibni yengishimizni istashmoqda», – deydi gollandiyalik mutaxassis.

Top