15:52 / 13.03.2016
5072

AQShning Elchi jamg‘armasi haqida nima bilasiz?

Madaniy meros insoniyatning tarixiy tajribasi va yutuqlarini eslatib turadi. AQSh madaniy merosni saqlash masalasida boshqa madaniyatlarga hurmat bilan qaraydi. AQSh Kongressi 2001 yilda madaniy merosni saqlab qolish maqsadida AQSh Elchi jamg‘armasini (AFCP) tashkil qilgan edi. AQSh Davlat departamenti tomonidan boshqariladigan Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasi butun dunyodagi tarixiy qadamjolar, madaniy obektlar va kolleksiyalar hamda an'anaviy madaniy ifoda shakllarini asrab-avaylash uchun bevosita grantlar ajratadi. Tashkil etilganidan buyon, ushbu jamg‘arma 100 dan ortiq rivojlanayotgan mamlakatlarda 500 dan ziyod madaniy merosga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatladi.

Madaniy merosni asrash bo‘yicha elchi jamg‘armasi O‘zbekistonda qadimiy va tarixiy binolarni qayta tiklash, noyob qo‘lyozma va muzey kolleksiyalarini baholash va saqlab qolish, muhim ahamiyatga molik arxeologik qadamjolarni asrab-avaylash va qo‘llab-quvvatlash, an'anaviy hunarmandchilik usullarini xujjatlashtirish kabi 11 ta loyihani mablag‘ bilan ta'minlagan.

Buxoro ko‘plab tarixiy va arxeologik yodgorliklar vatanidir. So‘nggi yarim asr davomida olib borilgan qazishma ishlari maboynida o‘n minglab arxeologik artefaktlar topildi. 2012 yilda AQSh elchixonasi Elchi jamg‘armasidan Buxorodagi Ark Davlat arxitektura-badiiy muzey-qo‘riqxonasidagi madaniy merosni saqlash maqsadida grant ajratdi. Bu mablag‘lar hisobiga Tosh asri va o‘rta asrlarga oid arxeologik artefaktlar ta'mirlandi. Aslida loyihaga ko‘ra 500 ta artefakt ta'mirlanishi rejalashtirilgan edi. Biroq muzey rahbariyati va hodimlarining sa'y-harakatlari bilan 732 ta artefakt ta'mirlandi.

“Buxoroning yoshi 3000 dan oshadi, bizning davlatimiz tarixi esa 200 yillik xolos. Buxoro tarixining unutilgan sahifalari AQSh o‘tmishi haqidagi axborot ko‘lamidan ko‘proqdir. Buyuk tarixiy ahamiyatga ega, qadimgi O‘zbekiston hududida yashagan xalqlarning madaniyati, kundalik turmushi va an'analarini o‘zida namoyon etuvchi Buxoroda joylashgan ushbu muzeydagi badiiy buyumlarni qayta tiklashga yordam berish biz uchun sharafdir”, — degan edi o‘sha vaqtdagi AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jorj Krol.

Kulolchilik o‘zbek halqining bir necha ming yillardan beri ardoqlab kelayotgan kasb-koridir. Akbar Rahimov va uning o‘g‘li o‘zbek kulolchiligini saqlab, uni kelajak avlodlarga qoldirish maqsadida ko‘p ish qilishmoqda. Buning uchun ularga Elchi jamg‘armasi yordamga keldi. Berilgan grant hisobiga ular ustaxonalari uchun zamonaviy texnikalarni sotib olishdi.

Samarqand madaniyat tarixi muzeyi fondida Markaziy Osiyo san'ati va dunyo ahamiyatiga molik noyob kolleksiyalar juda ham ko‘p. Qimmatbaho kolleksiyalar orasida muqaddas Qur'oni Karimning XI asrdan XX asrga oid 20 ta nodir nusxasi ham bor. Muzey mazkur noyob kitoblarni nafaqat saqlab qolishni, balki keng xalq ommasiga taqdim qilishni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 2002 yilda Elchi jamg‘armasi tomonidan berilgan grant muqaddas kitob nusxalarining saqlanishi va ularni nazorat qilish maqsadida maxsus tizim yaratilishiga, hujjatlashtirishning yangilanishiga sarflandi.

Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida 17 asrga oid 25 mingdan ortiq qo‘lyozma asarlari, Markaziy Osiyo tarixiga oid 15 ming tomlik kitoblar saqlanadi. Institut fondida Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sino kabi buyuk daholarning asarlarining asl nusxalari ham bor. Ularni yaxshi saqlanishini ta'minlash maqsadida institut ma'muriyati olimlarning foydalanishini cheklashga majbur bo‘ldi. Matnlarni saqlash va olimlarni foydalanishiga keng yo‘l ochish maqsadida institut Elchi jamg‘armasiga murojaat qilishga qaror qildi. Buning samarasi o‘laroq instutut 2001 yilda grant oldi. Ajratilgan mablag‘lar hisobiga noyob nusxalar saqlandi, ulardan mikrofilm va fotonusxalar olindi. Shu tariqa noyob hujjatlarga olimlarning foydalanishlari uchun imkoniyatlar yaratildi.

1965 yilda Samarqandda “Elchilar” surati topilgan edi. Bu noyob surat Afrosiyob muzeyida saqlanmoqda. O‘zbek halqi san'atining durdonasi bo‘lmish bu surat ham halqaro mutaxassislar ishtirokida ta'mirlandi. 2006 yilda Elchi jamg‘armasi Afrosiyob muzeyiga grant berishga qaror qildi. Mablag‘lar eksponatlarni saqlab qolish maqsadida maxsus vitrinalar sotib olishga ishlatildi.

Elchi jamg‘armasi har yili bitta loyiha uchun grant beradi. Ayni damda Elchi jamg‘armasi (AFCP) 2016 yil uchun tanlov e'lon qilgan. Grant berilayotganda, albatta, yodgorlikning nechog‘liq ahamiyatga ega ekanligi inobatga olinadi. Grant olish uchun madaniyat, ta'lim masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat idoralari, tashkilotlar, nohukumat tashkilotlari va hususiy shaxslar murojaat qilishlari mumkin. Buning uchun zarur hujjatlar AQSh elchixonasiga topshiriladi. Shundan so‘ng elchixona eng muhim takliflarni o‘rganib chiqadi va tanlab olingan taklifni ko‘rib chiqish uchun Vashingtonga — Davlat departamentiga yuboradi. G‘oliblar an'anaga ko‘ra yozda e'lon qilinadi.

Madaniy merosni saqlash fondi obida, asar yoki an'anaviy ifoda etish usullarining tarixiy va madaniy ahamiyati hamda ularni saqlashga bo‘lgan ehtiyoj naqadar zarur ekanligi asosida beriladi.

AFCP dasturi quyidagi uchta sohaga oid madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi:

1. MADANIY QADAMJOLAR – tarixiy binolar, arxeologik maskanlar va shunga o‘xshash joylar;

2. Muzey, tarixiy maskan yo shunga o‘xshash muassasalardagi MADANIY BUYuM VA KOLLeKTsIYaLAR – arxeologik va etnografik buyumlar, rasmlar, haykaltaroshlikka oid asarlar, qo‘lyozmalar, muzey konservatsiyasi ehtiyojlari va boshqalar;

3. AN'NAVIY MADANIY IFODA ShAKLLARI – an'anaviy musiqa, mahalliy til va hunarmandchilik.

Loyihalar quyidagi mezonlardan biriga yoki bir nechasiga mos kelishi lozim:

A. AQSh kelishuvi yoki ikki tomonlama shartnoma majburiyatlarini, masalan, madaniy mulkni asrashga oid kelishuvlarni, bevosita qo‘llab-quvvatlaydi;

B. Jahon madaniy merosi obektlarini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlaydi;

V. Seysmik faol va boshqa falokatga moyil hududlarda madaniyat yodgorliklari va kolleksiyalari uchun xavfni kamaytiradi hamda tabiiy ofatlarga tayyorgarlikni qo‘llab-quvvatlaydi;

G. Ayollar, yoshlar yoki e'tibordan chetdagi jamoalarni jalb etadi.

Shuni e'tiborga olish kerakki, quyidagi yo‘nalishlardagi loyihalarni elchi jamg‘armasi mablag‘ bilan ta'minlamaydi:

Hususiy yoki tijoriy madaniy yodgorliklar, kolleksiyalar yoki ko‘chmas mulklarni asrab-avaylash yoki sotib olish (bunga ariza topshirish vaqtida hususiy yo tijoriy mulk jamoatchilik mulkiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan, rejalashtirilgan yoki jarayoni boshlangan obektlar ham kiradi);

Tabiiy merosni asrab-avaylash (jismoniy, biologik va geologik tuzilmalar, paleontologik kolleksiyalar, xavf ostidagi hayvon va o‘simliklarning turar joylari, qazilmalar va h.)

Gominid yoki inson qoldiqlarini asrab-avaylash;

Ommaviy axborot vositalarini asrab-avaylash (gazeta, kinojurnal, radio va TV dasturlar va h.) Chop etilgan materiallarni asrab-avaylash (kitoblar, kundalik nashrlar va h.)

Sinfda ishlatish uchun tayyorlangan o‘quv dasturlari va ta'limga oid materiallar;

Ilmiy-tadqiqot maqsadida foydalaniladigan arxeologik qazilmalar yoki tadqiqotlar;

Tarixiy tadqiqot; istisno: tadqiqot asoslab berilsa va loyihaning ajralmas bir qismi sifatida uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga imkon bersa;

Yangi yoki ishlab turgan muzeylar uchun yangi asarlar, obektlar yoki kolleksiyalar sotib olish yoki yaratish;

Yangi binolar, bino qismlari yoki doimiy qoplamalar (masalan, arxeologik obektlar ustiga) qurish;

Xotira yoki iqtisodiy rivojlantirish maqsadida san'at va arxitekturaga oid yangi asarlarga buyurtma berish;

Mavjud an'anaviy raqs, qo‘shiq, ohang, musiqiy kompozitsiya, sahna asari yoki boshqa ijro va chiqishlarning yangisi yoki zamonaviy adaptatsiyasini yaratish;

Yo‘q bo‘lib ketgan madaniy obektlar yoki qadamjolarning nusxasi yoki taxminiy rekonstruksiyasini yaratish;

Madaniy obektlarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish;

Madaniy obektlar yoki madaniyat go‘shasi qismlarini besabab olib tashlash;

Yirik, aniq belgilangan konservatsiya yo hujjatlashtirish bilan bog‘liq sa'y-harakatning bir qismi bo‘lmagan taqdirda madaniyat obektlari va kolleksiyalarni raqamlashtirish;

Tadqiqot natijalarini hayotga tadbiq etishni maqsad qilgan yirik loyihaning bir qismi bo‘lmagan taqdirda rejalar yoki boshqa tadqiqotlarni konservatsiya qilish;

Pul zaxiralari, vaqf yoki aylanma mablag‘lar (mablag‘ dastur muddati davomida sarflanishi lozim (5 yilgacha) va u vaqf (hayriya) yoki aylanma mablag‘ tuzish uchun ishlatib bo‘lmaydi)

Mablag‘ yig‘ish kampaniyasi harajatlari;

Favqulodda holatdagi, ko‘zda tutilmagan yoki boshqa xarajatlar va gonorarlar;

Mukofot (grant) e'lon qilinishidan avval amalga oshirilgan ish xarajatlari;

Xalqaro safar xarajatlari; asoslab berilgan va loyiha muvaffaqiyati uchun zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno;

Malaka oshirish uchun mamlakatdan tashqariga sayohat yoki o‘qishga borish harajatlari;

10 000 dollardan kam bo‘lgan xususiy loyihalar;

Chet eldagi mustaqil AQSh loyihalari.

Sharofiddin To‘laganov

Top