09:15 / 17.03.2016
1327

AQSh Davlat departamenti Shimoliy Koreyani amerikalik talabani zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi

AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Mark Toner amerikalik talaba Otto Frederik Vormbiyerga Shimoliy Koreyada chiqarilgan 15 yillik qamoq jazosini “haddan ziyod qattiqqo‘l” deb aytdi va talabani zudlik bilan ozod qilishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Reuters axborot agentligi.

Toner Pxenyanni talabani afv etib, uni “insonparvarlik nuqtai nazaridan” zudlik bilan qo‘yib yuborishga chaqirdi. Toner, shuningdek, amerikalik fuqarolar Shimoliy Koreyaga bormasliklari kerakligini aytdi.

Avvalroq Oq uy Shimoliy Koreya talabaga garovga olingan asir sifatida qarayotganini aytgandi.

Shimoliy Koreya sudi talabani 15 yilga og‘ir ishlarga surgun qildi.

Top