16:44 / 17.03.2016
1390

Novocherkassk shahrida yashovchi kishi shaharda avtobuslar yo‘qligini isbotlash uchun bekatda 11 soat avtobus kutdi

11 mart kuni Novocherkassk shahrida (Rostov viloyati) istiqomat qiluvchi Igor Dijur avtobus intervallarini yozib olish uchun ertalabki soat 6dan kechqurungi soat 5gacha «Xotunok-2» bekatida avtobus kutdi. Bu haqida u DonDay mahalliy nashriga so‘zlab berdi.

“11 soat ichida shu bekatdan №37 (Klyuchevoy — Burlyayevka) va №55 (Oktyabrskiy — Donskoy) marshrutlari bo‘ylab harakatlanuvchi hech qanday avtobus o‘tmadi. Vaholanki bu marshrutlar ham shu bekat bo‘ylab o‘tishlari lozim”, deydi Dijur.

Bunday tajribani u shahar hokimi o‘rinbosari Igor Politikning mahalliy transport xizmati haqida deputatlar oldida so‘zlagan nutqidan so‘ng amalga oshirishga qaror qildi. Mahalliy aholining shikoyatlariga hokim o‘rinbosari muntazam tekshiruvlar transport xizmatining sifatidan dalolat beradi, deb javob bergandi.

Dijur uning so‘zlariga ishonmasdan, vaziyatni o‘zi tekshirib ko‘rishni xohlagan. Hozir esa, u olingan hisobotni transport xizmati korxonalariga, deputatlarga va shahar ma'muriyatiga hamda Igor Politikning o‘ziga ham topshirishni rejalashtirgan.

Top