11:27 / 17.03.2016
1406

Qunduzdagi kasalxona bombardimon qilingani yuzasidan amerikalik harbiylarga jazo belgilandi

2015 yilning kuzida Afg‘oniston shimolidagi Qunduz shahrida «Chegara bilmas shifokorlar» tashkilotining kasalxonasiga AQSh samolyoti tomonidan zarba berilishiga sababchi bo‘lgan amerikalik harbiylarga jazo choralari qo‘llandi. Bu haqda Pentagondagi manbasiga asoslangan holda Associated Press xabar tarqatgan.

Manbaning yozishicha, bu ish bo‘yicha 12 nafar harbiy jazolangan. Ularga ayblov e'lon qilinmagan, asosan xat ko‘rinishida hayfsan berilgan. Shuningdek, endilikda bu harbiylarning kelgusida mansab pog‘onalarida ko‘tarilishi qiyin kechadi. Ba'zi harbiylarning mansabi tushirilgan yoki ular lavozimidan chetlatilgan.

Jazolanganlar orasida zobitlar borligi, generallar esa yo‘qligi aytilgan.

Bu ish bo‘yicha tekshiruvlarning yakuniy natijalari yaqin kunlar ichida rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Tolibon» jangarilari tomonidan egallab olingan Afg‘onistonning Qunduz shahrida 2015 yilning 3 oktabr kuni «Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti kasalxonasi amerikaliklar samolyoti tomonidan adashuv tufayli o‘qqa tutildi. Oxirgi xabarlarda bu hujum oqibatida jami 42 kishi halok bo‘lgan.

7 oktabr kuni Obama Qunduzdagi kasalxona bombardimon qilinishi yuzasidan uzr so‘radi.

AQSh Qunduzdagi kasalxona afg‘on harbiylari iltimosiga ko‘ra aviazarbaga uchraganini ma'lum qilgan.

Top