07:58 / 19.03.2016
2558

Qozog‘istonlik o‘quvchilar Minecraft kompyuter o‘yini yordamida ta'lim olmoqdalar

Qozog‘istonning Qarag‘anda shahridagi maktablar o‘quvchilari Minecraft kompyuter o‘yini yordamida ta'lim olmoqdalar, deb xabar bermoqda Tengrinews nashri.

Ta'kidlanishicha, Nig‘mat Nurmakov nomidagi iqtidorli bolalar uchun mo‘ljallangan maktab o‘quvchilari bu ommaviy o‘yindan biologiya, tarix, matematika, informatika, geografiya, fizika va kimyo fanlarini o‘rganishda foydalanmoqdalar. Ushbu o‘qitish metodining muallifi maktabning biologiya o‘qituvchisi Asxat Maxmetov bo‘ldi.     

Maxmetov o‘quvchilar bilan birgalikda o‘yinda maktab binosi va undagi xonalar nusxasini yaratishga qaror qildi.

“7-sinf dasturi bo‘yicha biologiya darsida o‘quvchilar umurtqali va umurtqasiz jonzotlar mavzusini o‘tadilar, bolalar o‘yinda shunday jonzotlarni topishlari kerak. Kimyoda parta yasash topshirig‘ini berishimiz mumkin, o‘quvchilar buning uchun kerak bo‘ladigan barcha materiallarni o‘yinda yasashlari kerak (daraxt chopish, temir topish). Tarix darsida esa o‘yinda qandaydir jangni yoki tarixiy binoni tasvirlash kerak. O‘quvchilar dushmanlar hududidini egallash qoidasidan foydalangan holda, davlatlar, shaharlar nomlarini va boshqa geografik nomlanishlarni o‘rganadilar”, deb tushuntirmoqda o‘qituvchi.

Ta'kidlanishicha, o‘quvchilar topshiriqlarni ingliz tilida olib, uni shu tilda bajaradilar.

Minecraft o‘yini o‘ynovchiga uch fazoli o‘lchamdagi, to‘liq kub shakllaridan tashkil topgan olamni yaratishga va uni erkin holda qayta qurish, kublardan murakkab inshootlar qurishga imkon beradi. O‘yinning bu jihati uni LEGO bolalar konstruktoriga o‘xshash qiladi. O‘yin o‘ynovchi oldiga biror-bir maqsad qo‘ymaydi, biroq unga katta imkoniyatlar va mashg‘ulotlar taklif qiladi: misol uchun, o‘ynovchi olamni, turli inshootlar va buyumlarni tadqiq qilishi, turli raqiblar bilan jang qilishi mumkin.

Minecraft tarixdagi eng muvaffaqiyatli kompyuter o‘yinlaridan biri hisoblanadi: 2015 yil yoz holatiga ko‘ra bu o‘yin barcha operatsion tizimlar uchun 70 mln nusxadan ko‘proq sotilgan. O‘yin ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan. 

Top