17:06 / 22.03.2016
2809

"O‘lim mashinasi" qurbonlari

AQShning Florida shtatida joylashgan Ijtimoiy tarix muzeyi xodimlari o‘tgan yili qayd qilingan akulalar hujumi yuzasidan hisobot e'lon qildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p akula hujumi AQShda qayd qilingan.

Akula hujumlari o‘rganilayotgan 1935 yildan beri eng ko‘p hujumlar 2015 yilda yuz bergani aytilmoqda. 1935 yili Janubiy Karolina shtatidagi Charlston muzeyining direktori Milbi Burton akulalar hujumi bilan bog‘liq birinchi maqolasini e'lon qilgan edi. Shundan beri o‘tgan davr mobaynida 5 mingga yaqin kishi akulalar hujumiga uchradi.

Jahonda o‘tgan yili qayd qilingan 98ta akula hujumining 59tasi AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘nggi bor eng ko‘p ko‘rsatkich 2000 yilda qayd qilingan bo‘lib, o‘shanda 88ta akula hujumi ro‘yxatga olingan edi. Akula hujumlari bo‘yicha e'lon qilingan ko‘rsatkichga qaraganda ikkinchi o‘rinda 18ta hujum qayd qilingan Avstraliya va uchinchi o‘rinda 8ta hujum qayd qilingan Janubiy Afrika Respublikasi turadi.

Ma'lumotlarga qaraganda, o‘tgan yili akula hujumlari oqibatida olti kishi xalok bo‘lgan. Ikkita hodisa Fransiyaning Hind okeanidagi Reyunon orolida yuz bergan bo‘lsa, qolganlari Avstraliya, Misr, Yangi Kaledoniya va AQSh sohillarida qayd qilindi. AQShda eng ko‘p akula hujumlari Florida shtatida qayd qilingani aytilmoqda. O‘tgan yili bu shtatda bu bilan bog‘liq 30ta hodisa qayd qilingan. Shimoliy va Janubiy Karolina shtatlarida 16ta, Gavayida 7ta, Kaliforniyada 2ta va Texasda 2ta hodisa ro‘yxatga olindi. Nyu-York va Missisipi shtatlarida bittadan hodisa qayd qilingan.

Muzey ekspertlari bundan buyon akula hujumlari ko‘payib borishidan ogohlantirishmoqda. Chunki yer yuzida insonlar soni ortgani kabi akulalar ham ko‘paymoqda ekan.

Tahlilchilarning fikricha, akulalarning insonlarga hujumi avval ham bo‘lgan, bundan keyin ham to‘htamaydi. Million yildan beri bu mahluq dengiz va okean suvlarida boshqa jonivorlarga tahdid solib keladi. Odamlar akulalar haqida ko‘p narsalarni biladi, ayrimlaridan bexabar. Ko‘pchilik uni o‘lim mashinasiga qiyoslashadi.

Florida universiteti qoshidagi ijtimoiy tarix muzeyi xodimlarining aytishicha, boshqa sabablarga ko‘ra odamlarning vafot etishi bilan solishtirganda akulalar hujumi oqibatida insonlarning halok bo‘lishi, ozroq ekan. Masalan AQSh sohillarida har yili yashin urishidan o‘rtacha 38 kishi halok bo‘ladi. AQShda har yili o‘rtacha 3 mingdan ortiq kishi cho‘kib ketsa, akula hujumidan bir kishi vafot etar ekan.

Olim Jordj Byordjyess tomonidan 2014 yil iyulida e'lon qilingan tadqiqotlarga ko‘ra, global iqlim o‘zgarishi tufayli akulalarning odamlarga hujumi yil sayin o‘sib boraveradi. Bugungi kunda akula hujum qilgan odamlarning 95,5 foizi tirik qoladi. Ayrimlari bir umrga nogiron bo‘lib qoladi. Akulalar asosan yoz oylparida, shunda ham asosan kunduz kunlari odamlarga hujum qiladi.

Olimlarning fikricha akulalarning hujumiga insonlarning o‘zlari ham sababchidir. Akulalarning har to‘rtta xujumidan bittasiga insonlarning o‘zlari aybdor ekani aytiladi. Ko‘p xollarda ehtiyot choralarni ko‘rmagan xavaskor dayverlar qurbon bo‘ladi. Ayrim xollarda akulalar baliq ovlar ekan, suvda harakatlanayotgan odamlarni ham yanglishib o‘lja sifatida ko‘rishi mumkin ekan. Bu kabi xodtisalar asosan plyajlarda yuz beradi.

Ovchilarning so‘zlariga qaraganda, akulalar o‘z hududlariga kelib qolgan odamlarga qiziquvchanlik sabab ham hujum qilar ekan. Bu kabi xollarda akula xujum qilishi bilanoq shu zahotiyoq ortga qaytib ketadi. Akulalar odamlarni o‘lja sifatida ko‘rmaydi. Ular tyulen va dengiz sherlari go‘shtini afzal bilishadi. Biroq okean va dengizlarga o‘lganlarning jasadlarini tashlash tufayli akulalar odam go‘shtiga o‘rganib bormoqda, degan qarashlar ham bor.

Akula o‘z qurbonining qo‘rquvini sezadi. Agar o‘lja qarshilik ko‘rsatadigan bo‘lsa, u xolda akula yanada vaxshiylashadi. Akulalarning xatti-harakatlarni avvaldan bilish qiyin. U insonlarni uzoq o‘rganadi. Birdan yo‘q bo‘lib qoladi va kutilmaganda hujum qiladi.

Akulalarning noziq nuqtasi ko‘z va burni ekani aytiladi. Shu sababli mutaxassislar akulalarning hujumiga uchragan odamlar uning ko‘zi va burniga musht tushirishi lozimligini tavsiya qilishadi. Ayni damda olimlar akulalarning odamlarga hujumlari sabablarini o‘rganmoqda. Akulalarning odamlarga hujumlarining sabablari aniqlangach, baxtsiz hodisalarning soni kamayishiga umid qilinmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, odamlarga akulalarning hammasi ham emas, balki ayrim turlarigina xujum qilishi aytiladi. Olimlar akulalarning 360dan ortiq turini o‘rganishgan. Ulardan atigi 4 turigina odamlarga hujum qilishi aniqlandi.

Shuni aytish kerakki, bir yilda insoniyat tomonidan jahon okeanlarida 100 millionga yaqin akula yo‘q qilinadi. Ayrim xollarda okean hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan yirtqichlarning ham yo‘q qilinayotgani aytilmoqda. Masalan oq akula jahon okeanlaridagi sog‘lom vaziyatni barqarorlashtirib turishi hech kimga sir emas.

Sharofiddin To‘laganov

Top