O‘zbekiston | 16:52 / 22.03.2016
3323
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik tashabbuskor faol yoshlar “e-yoshlar”da Navro‘z” virtual aksiyasini jahon trendi darajasiga ko‘tarishdi

Turli sohalarda faoliyat olib boruvchi, xorijda va mahalliy oliy ta'lim muassasalarida ta'lim oluvchi o‘zbekistonlik faol yoshlar ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan foydalangan holda Navro‘z bayramini o‘zgacha usulda nishonlashdi.

e-yoshlar.uz saytining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozlaridan” biri hisoblangan #NavrUZ xesh-tegining ijtimoiy tarmoqlarda keng yoyilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi shahar va tuman markazlaridagi bayram tantanalari bilan hamohanglikda olib borildi.

Joylarda faoliyat yuritgan “MOBIL MUXBIRLAR” tomonidan “e-yoshlar”da Navro‘z” virtual aksiyasi doirasida on-layn foto, video reportajlar uzluksiz jo‘natib turildi va jahon ommasiga virtual tarzda havola etildi.

Aktsiyaning muhim qismlaridan biri bo‘lgan - #NavrUZ xesh-tegini dunyo trendiga chiqarish maqsadi ham amalga oshirildi. Soat 12:00dan 18:00 gacha bo‘lgan vaqt davomida 270 mingdan ortiq tvit yozilib, o‘zbekistonlik Tvitter foydalanuvchilari rekord natija bilan (Soat 16:00 dan 17:00gacha 115 mingga yaqin tvit) yana bir bor dunyo trendiga chiqishdi.

“e-yoshlar”da Navro‘z” virtual aksiyasi qamrovi jihatidan 13 mln. 100 ming kishini o‘z ichiga oldi. Butun aksiya davomida 8 mln. ga yaqin nashr yozildi. 2 mln. 100 ming nafar kishi bayram tantanalari o‘tkazilayotgan maydonlar, turli istirohat bog‘larida o‘tkazilgan aksiyalar davomida “e-yoshlar”da Navro‘z” loyihasining bevosita ishtirokchisi yoki kuzatuvchisiga aylanishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 3 mln. dan ziyod foydalanuvchi virtual aksiyada faol ishtirok etdi.

Alohida ta'kidlab o‘tish joizki, loyiha davomida hududlardan aksiyani o‘tkazish Shtabiga kelib tushgan materiallar soni 21 ming (video, audio, matn va fotosuratlar)dan ziyodroqni tashkil etdi.

To‘laqonli bayramona “veb-sayil”ga aylangan virtual aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad esa Navro‘z bayramini ham keng jamoatchilik, ham virtual olamda butun dunyo ahli bilan nishonlash va uning asosida “E-yoshlar.uz” sayti taqdimoti va targ‘ibotini tashkil etish, yoshlarimizni ushbu sayt imkoniyatlari va imtiyozlaridan xabardor qilish, yurtimizda ro‘y berayotgan jarayonlarga befarq bo‘lmaslikka chorlash, Milliy qadriyatlarimiz va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlarda O‘zbekiston farzandi ekanligidan faxrlanish tuyg‘usini yanada oshirishdan iborat.