15:28 / 22.03.2016
1351

Tramp Ukrainani o‘z holiga qo‘yishni taklif qildi

Respublikachilar partiyasidan saylovoldi jarayonlarida yetakchilik qilayotgan Donald Tramp NATO’ga ajratiladigan mablag‘ni qisqartirish va Ukraidagi vaziyatni AQShdan ko‘proq manfaatdor bo‘lgan yevropalik ittifoqchilarga topshirishni taklif qildi.

“Ukraina – NATOga a'zo mamlakatlarga nisbatan bizni kamroq qiziqtiradi. Nega Ukraina uchun NATO nomidan Germaniya javob bermaydi? Nega qo‘shni davlatlar u bilan shug‘ullanmaydi? Nega aynan biz Rossiya bilan potensial Uchinchi jahon urushiga olib keluvchi bo‘lishimiz kerak?”, - dedi Tramp Washington Post gazetasi bilan suhbatda.

Kandidatning so‘zlariga ko‘ra, AQSh NATOga xarajatlarini kamaytirishi lozim. Tramp Amerikaning Tinch okeani hududidagi harakatlari xususida ham shunday fikr bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 19 trillion dollar qarzi bor AQSh milliardlab mablag‘ni xorijga sarflayotgani mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Shu o‘rinda Tramp prezidentlikka saylansa, Isroil bilan ittifoq tuzmoqchiligini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yahudiy mamlakatni BMTning har qanday taz'yiqidan muhofaza qiladi va AQSh elchixonasini Tel-Avivdan poytaxt Quddus (Iyerusalim)ga ko‘chirishini bildirdi.

Top