16:34 / 22.03.2016
1338

Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Bryusseldagi teraktda "Rossiyaning qo‘li borligi"ni iddao qildi

Ukraina Xavfsizlik xizmati rahbari Vasiliy Gritsakning fikriga ko‘ra, Rossiya Bryussel shahrida sodir etilgan teraktlarga aloqador bo‘lishi mumkin.

22 mart kunining birinchi qismida Bryussel shahridagi aeroportda 2ta, shahar metro bekatlarida 4ta portlash sodir etildi va jami 28 kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar jarohat oldi.

"Men bu Rossiyaning gibrid urushining bir qismi bo‘lib chiqishidan hayron bo‘lmayman. Albatta hozir bu terakt uchun IShID barcha aybni zimmasiga oladi. Men ham o‘z gapimga hammani ishontirmoqchi emasman, shunchaki taxmin qildim", deydi Gritsak Kiyev-Mogilyansk akademiyasida qilgan ma'ruzasi vaqtida.

Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Gritsakning gaplariga munosabat bildirib, bu "insoniylik chegaralaridan chiqish" ekanini aytib o‘tgan.

Qayd etish kerakki, Gritsak o‘tgan yili ham Parijdagi teraktlarda Rossiyaning qo‘li borligidan gumon qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 noyabr kuni Parijda sodir etilgan teraktlar tashkilotchisi Saloh Abdislom o‘tgan haftada Bryusselda qo‘lga olingandi. Ayni vaqtda u Bryussel qamoqxonasida saqlanmoqda.

Bugun, 22 mart, seshanba kuni Belgiya poytaxti Bryusselda aeroport va metroda portlashlar yuz berdi. Hukumat aeroportdagi portlashlarni terakt deb tan oldi, aholiga ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda.

Top