19:23 / 23.03.2016
1315

Yevropa Ittifoqi Savchenkoni "biror bir shartsiz" qo‘yib yuborishni talab qildi

Yevropa Ittifoqi ukrainalik uchuvchi Nadejda Savchenkoni zudlik bilan qo‘yib yuborishga chaqirdi. Bunga Minsk kelishuvining Ukrainadagi ixtilof bilan bog‘liq "barcha garovga olinganlar va noqonuniy ushlab turilgan shaxslarni" almashish haqidagi bandi asos bo‘lishi mumkin.

Rossiya sudi Savchenkoni 22 yilga ozodlikdan mahrum qilgandan keyin Yevropa Ittifoqi bu hukmni qoralab chiqdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Bryussel nafaqat Savchenkoning, balki Rossiyada sudlangan boshqa ukrainaliklarning taqdiridan xavotirlanayotganini ta'kidlab o‘tdi.

"Biz Rossiya hukumatini insonparvarlik nuqtai nazaridan va Minsk kelishuvlariga muvofiq Savchenkoni zudlik bilan va biror bir shartsiz ozod qilishga chaqirishda davom etmoqdamiz", deyilmoqda Mogerini bergan bayonotda.

Bundan tashqari, Mogerini boshqarmasida Rossiyada sudlangan rejissyor Oleg Sentsov va faol Aleksandr Kolchenko ham eslab o‘tildi hamda ularning Ukrainaga omon qaytishini ta'minlashni kafolatlashga chaqirdi.

Avvalroq Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer Savchenko ishi bo‘yicha "insonparvar yechim" qabul qilinishi imkoniyati borligini aytdi. "Biz bu ishning borishini sinchkovlik bilan kuzatmoqdamiz, bizni Savchenko xonimning salomatligi xavotirlantirmoqda. Umid qilamanki, bu ishdagi barcha tomonlar yaqin orada insonparvarlik yechimi bo‘yicha kelisha olishadi", deb aytdi vazir.

Top