18:45 / 24.03.2016
1419

Belgiyalik musulmonlar teraktga o‘z munosabatlarini bildirishdi

Belgiyalik musulmonlar 22 mart kuni sodir bo‘lgan teraktni og‘riq va alam bilan qabul qilishdi.

“Chin e'tiqod” uchun kurashni maqsad qilib olgan terrorchilar amalga oshirayotgan be'mani vahshiylik va zo‘ravonliklarning islom diniga hech qanday aloqasi yo‘q, deb e'tirof etmoqda din vakillari.

Sodir bo‘lgan fojiani inobatga olib, yevropalik musulmonlar ularga nisbatan munosabatning yomon tarafga o‘zgarishidan xavotir olishmoqda.

Bryusselda marokashliklar oshxonasini yurituvchi Muborakning so‘zlariga ko‘ra, ekstremistlarning odamzotdan nafratlanish mafkurasini islom bilan bitta deb hisoblash noo‘rin: zo‘ravonlikning dini bo‘lmaydi.

22 mart kuni Bryussel aeroportida o‘zini portlatgan xudkush terrorchi Najim Lahraviy ham aholisining deyarli yarmi musulmonlar bo‘lgan Skarbek kommunasida istiqomat qilgan. Endi Skarbekda yashaydigan musulmonlarning tinchi buzilgan, tez-tez politsiyachilar kelib tintuv o‘tkazadi, jurnalistlar kelib so‘roq-savol uyushtirishadi.

Belgiya musulmonlar Ijroiya kengashi raisi Salah Eshallaviy ham mamlakat aholisini birdamlikka chorladi.

Sotsiologlarning baholashiga ko‘ra, mamlakatdagi musulmonlarning soni 620 mingdan ortiq kishini yoki Belgiya aholisining 5,8 foizini tashkil etadi.

Belgiyadagi masjidlarning soni 320dan ortiq.

Demograflarning hisobiga ko‘ra, 2030 yilga borib, Belgiyadagi musulmonlarning soni 1 millionga yetadi.

Top