11:51 / 27.03.2016
1459

Suriya armiyasi Palmirani to‘la ozod qildi

Suriya armiyasi jangchilari va ko‘ngillilar otryadlari Palmira shahrini IShID qo‘lidan butunlay ozod qildi. Bu haqda harbiy manbasiga asoslangan holda Frans Press nashri xabar tarqatgan.

"Tunda olib borilgan janglardan keyin hukumat armiyasi Palmiraning qadimiy qismi va aholi yashaydigan boshqa hududlarini ham IShID jangarilaridan to‘la ozod qilgan", deyiladi xabarda

26 mart kuni Rossiya harbiy samolyotlari Palmira yaqinidagi hujumlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 41 ta parvozni amalga oshirgani va bu hujumlar natijasida jangarilarning 146ta obekti, jumladan, boshqaruv punktlari, o‘q-dori omborlari, artilleriya qurilmalari, tank va avtomobil texnikasi yo‘q qilingani haqida xabar berilgandi.

Avvalroq Suriya armiyasining hukumat qo‘shinlari IShID jangarilaridan Palmira shahri qo‘rg‘onini olib qo‘ygani xabar qilingandi.

Palmira (Tadmor) strategik jihatdan muhim shahar hisoblanadi. Shahar Damashqni Suriyaning sharqiy qismi bilan bog‘lovchi yo‘lda joylashgan.

YuNeSKOning insoniyat meroslari ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy Palmira shahri 2015 yilning may oyida IShID jangarilari tomonidan egallab olingandi. Jangarilar bu shahardagi bir qator madaniy obidalarni portlatib yo‘q qildi.

Hukumat armiyasi 23 mart kuni shaharni ozod qilish uchun yurish boshlagandi.

Top