20:15 / 28.03.2016
1526

Fidel Kastro: Kuba imperializm sovg‘alariga muhtoj emas

Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastroning aytishicha, "Kubaga "imperializm sovg‘alari kerak emas", mamlakat aholisi esa, "ta'lim-fan va madaniyat taraqqiyoti sabab qo‘lga kiritgan shon-shuhrati, huquqi va ma'naviy boyligidan voz kechmaydi".

Bu haqda uning orol davlat yirik nashrlarida chop etilgan “Obama og‘a” nomli maqolasida so‘z yuritilgan.

89 yoshli Kastro AQSh prezidenti Barak Obamaning Kubaga tashrifiga bag‘ishlangan maqolasida "biz dunyo aholisining o‘zaro tinch-totuv va do‘st bo‘lib yashashi prinsipiga sodiqmiz" deya ta'kidlaydi.

U shuningdek, Obamaning 22 mart kuni Havana Katta teatrida qilgan nutqidan ham iqtibos keltirar ekan, o‘z qarashlarini bildirib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 2014 yil dekabrida prezident Obama Vashingtonning Kubaga nisbatan siyosati davr talabiga javob bermayotganini tan olib, ikki tomonlama munosabatlarni tiklash va orol davlatga qarshi sanksiyalarni yumshatish zarurligini aytgan edi.

Bunga, AQSh va Kuba hukumati vakillarining Kanada hamda Vatikan say'i harakatlari natijasi o‘laroq bir necha bor uchrashgani asos bo‘ldi. Raul Kastro va Obama Panamada bo‘lib o‘tgan yettinchi Amerika sammiti doirasida, shuningdek, 2015 yil aprel va sentabr oylarida BMTning Nyu-Yorkdagi forumida uchrashgan edi.

Havana va Vashington 2015 yil 20 iyul kuni diplomatik munosabatlarni tiklab, ikki davlat poytaxtlarida 1977 yildan beri faoliyat yuritib kelgan Manfaatlar markazini elchixonalarga aylantirdi.

Top