10:06 / 29.03.2016
1411

Trampning sobiq maslahatchisi: milliarder AQSh prezidentligiga nomzod bo‘lishni xohlamagandi

Respublikachilardan AQSh prezidentligi uchun da'vogarlardan biri Donald Trampning sobiq maslahatchisi "Trampning o‘z saylovoldi kampaniyasidagi muvaffaqiyatlaridan hayratda ekanini" bildirgan. Uning aytishicha, Tramp aslida prezident bo‘lishni xayoliga ham keltirmagandi. Bu haqda sobiq siyosiy maslahatchi New Daily News gazetasiga ma'lum qilgan. 

Trampning strategik masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlagan siyosatshunos Stefani Tsegilskining aytishicha, Respublikachilar nomzodi dastlab “o‘zini boshqalarga qarshi nomzod sifatida his etgan va kampaniya yetakchisi bo‘lishga tayyor bo‘lmagan”.

"Fikrimcha, Amerika prezidentligi uchun tashviqot jarayonida bunday yutuqqa erishishi, Trampning tushiga ham kirmagan bo‘lsa kerak. Bundan tashqari, uning o‘zi prezident bo‘lishni juda hohlayotganiga ishonmayman", - degan Tsegilski.

Nashrning yozishicha, "Tramp hech qachon nomzod bo‘lishni istamagan, ammo g‘ururi unga to‘xtashga yo‘l qo‘ymayapti". Kegilskining ta'kidlashicha, Donald Tramp hozir ham "Oq uyning yangi rahbari bo‘lishni juda xohlayotgani yo‘q".

Hozirda, Trampning sobiq maslahatchisi respublikachilarning milliarderni prezidentlik poygasidan chiqarib yuborish maqsadida tashkil etilgan Super PAC guruhi a'zosidir. Tsegilskining aytishicha, u 2015 yili Tramp nomzodini, uning to‘g‘riso‘z va ishbilarmonligi sabab yoqtirib qolgan. Ammo, Trampning so‘nggi chiqishi, sobiq maslahatchi sabr kosasini to‘ldirgan.

Milliarder Pokistondagi xunrezliklarga munosabatini bildirar ekan, tvitterdagi sahifasida shunday yozgandi: "Radikallar yana bir qo‘poruvchilik sodir etishdi. Bu safar pokistonlik xristian ayollar va bolalar ularning nishoniga aylandi. Kamida 67 kishi halok bo‘lib, 400 nafari jarohatlandi. Va faqat men bu muammoga barham bera oladigan yagona kishiman".

Tsegilski, Trampning bu so‘zlarini "shunchaki kulgili" va "yosh bolalarga xos", deb baholagan.

Siyosatchining matbuot kotibi o‘z navbatida, Tsegilski so‘zlarini izohlar ekan, Stefani "Trampni ham, uning saylovoldi kampaniyasi"ni ham bilmaydi, aksincha "shunchaki o‘tkinchi shon-shuhrat qozonishga intilgan", deb ta'rifladi.

Top