18:09 / 29.03.2016
1462

YuNeSKO Palmirani tiklash fondini tashkil etdi

YuNeSKO Suriyaning Palmira shahrini tiklash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etdi, deb xabar bergan Rossiyaning ushbu tashkilotdagi doimiy vakili Eleonora Mitrofanova "Rossiya 24" telekanalidagi chiqishida.

"YuNeSKOning Suriya bo‘yicha tashkil etgan jamg‘armasiga tashkilotga a'zo davlatlarning ixtiyoriy badallari kelib tushmoqda. Aftidan, Palmirani tiklash YuNeSKOning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobiga amalga oshadi", - degan Mitrofanova.

"Bugungi kunda fond hisobida 2,7 mln yevro atrofida mablag‘ bo‘lib, uning 2,5 millioni Yevropa Ittifoqiga, 170 ming yevro esa Flandriyaga tegishli", -deb aniqlik kiritgan Rossiya elchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyada 4 yildan beri davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli, mamlakatdagi jami 10 ming arxeologik yodgorliklardan 300tasi vayron bo‘lgan.

Butunjahon merosi vakillarining 31 mart kuni Parijdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida Palmirani tiklash masalasi ham muhokama etiladi.

Palmira – Damashq shahri va Frot daryosi oralig‘idagi Suriya sahrosida qad rostlagan qadimgi shaharlardan biri bo‘lib, rivoyatlarga ko‘ra unga shoh Sulaymon asos solgan. Shahar qoldiqlari esa YuNeSKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, IShID jangarilari 2015 yil 20 mayida shaharni egallab, bir nechta qadimgi tarixiy yodgorliklarni vayron qilgan, umrini shahar madaniy merosini o‘rganishga bag‘ishlagan 80 yoshli arxeolog Xolid Al Asadni qatl qilgan edi.

2016 yilning 27 mart kuni Suriya armiyasi Palmira ustidan nazorat o‘rnatdi.

Top