23:24 / 30.03.2016
11744

Dubayda 2020 yilgacha barpo etiluvchi 10ta ajoyib loyiha

Dubayning barcha hududlari bo‘ylab sayyohlar uchun mo‘ljallangan asosiy ko‘ngilochar joylarda yangi binolar barpo etilayotgani haqida e'lon qilinmoqda. So‘nggi loyihalardan biri bo‘lgan Al Mamzar Beachfront uchun 10 milliard dirham sarflangan bo‘lib, u Dubai World Central rivojiga katta hissa qo‘shadi.

Milliardlab dirhamlar sarf etilgan Bluewaters oroli, Dubai Creek Harbor, Dubai Water Canal va Dubayning turli yo‘nalishdagi istirohat bog‘larida qurilish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, ular Al Mamzar loyihasi va Aladdin shahri kabi kelajakda dunyoni lol qoldirishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur ko‘ngilochar maskanlarning ko‘pchiligi 2020 yildan avvalroq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Sababi, aynan shu yilda Dubay Ekspo-2020 ko‘rgazmasi tashkil etiladi. 

E'tiboringizga hayratlanarli loyihalar ro‘yxatini havola etamiz:

1.  Kelajak muzeyi

Dubayning Ijrochi kengashi raisi, shaxzoda, shuningdek, kelajak muzeyining kengash raisi Shayx Hamdam bin Muhammad bin Rashid al-Maktum bu loyihani amalga oshirish uchun yangi innovatsiyani joriy etishda muhim rol o‘ynadi. 

Shayx Zayid ko‘chasidan uzoq bo‘lmagan Emirates Towers tumanida joylashgan yangi loyihaning qurilish ishlari 2017 yilda yakunlanib, u tashrif buyuruvchilarga zamonaviy va interfaol namoyishlar orqali kelajakni ko‘rish imkoniga ega eng yaxshi innovatsion muhitni yaratib beradi. 

Muzeyda xalqaro anjumanlar, so‘nggi ilmiy o‘zgarishlar, dizayn va innovatsiya bo‘yicha maxsus amaliy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. 

2.  Bluewaters oroli

Bluewaters orolida dunyodagi eng katta charxpalak bo‘lishi kutilayotgan Dubai Eye’ning qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, Yo‘l va transport agentligi (RTA) Mainland loyihasi bilan hamkorlik uchun 475 million dirhamlik shartnoma imzoladi. 

Aylana charhpalakdan tashqari, loyiha doirasida turar-joylar, mehmonxona va ko‘ngilochar hududlar ham qad rostlaydi. Shuningdek, besh yulduzli mehmonxona butiklari ishga tushiriladi. Orolga har yili uch milliondan ortiq mehmonlar tashrif buyurishi taxmin qilinmoqda.  

6 milliard dirham hisobida mablag‘ sarflangan Bluewaters oroli dunyodagi eng yirik sayyohlik maskani bo‘lishi kutilmoqda. Orol taniqli Jumeirah Beach Residence yaqinida barpo etilib, loyihani Meraas Holdings dasturchilari amalga oshiradi. 

3.  Dubai Frame

Joriy yilning o‘rtalariga kelib, Dubay shahar hokimligi birinchi raqamli global sayyohlik ramkasini qurib bitkazishni maqsad qilib qo‘ygan.

Bu haybatli to‘rtburchak ramka Zabeel istirohat bog‘ida joylashgan. U tashrif buyuruvchilar uchun Dubayning avvalgi va yangi ko‘rinishini namoyish etadi. Ramka kengligi – 93 metr, balandligi esa – 150 metr bo‘lib, u orqali Dubayning bir qancha zamonaviy maskanlarini tomosha qilish mumkin. Bir tomondan Amirlik minoralari va Burj Xalifa ko‘rinib tursa, yana bir tarafdan mehmonlar shaharning Deira, Umm Harare va Karama kabi eski qismlarini tomosha qilishlari mumkin.

4.   Dubai Creek Harbour

Emaar Properties va Dubai Holding kompaniyalari dunyoning eng baland egizak minoralari bo‘lishi kutilayotgan loyihani amalga oshirish ishlarini boshlab yubordi. 

Uning kattaligi Downtown Dubai’dan uch marotaba katta bo‘lishi kutilmoqda hamda Dubai Creek va Ras Al Khorga yonma-yon joylashgan bo‘ladi. U o‘z ichiga 3664 idoralar, sakkiz million kvadrat metr chakana savdo maydonlari va 4400 xonaga ega bo‘lgan 22 mehmonxonani sig‘dirishi ko‘zda tutilgan.

5.  Dubai Water Canal

 Yo‘l va transport ma'muriyati 2 million dirhamli suv kanali loyihasi qurilish ishlarining 33 foizi yakuniga yetganini qayd etdi. 

Al Wasl Road ko‘chasida joylashgan ko‘prikning qurilish ishlari ham qizg‘in davom etmoqda. Loyiha 2016 yilning o‘rtalariga kelib, qurib bitkazilishi kutilmoqda. 

Kanal loyihasining uch bosqichi ham Safa bog‘i ichidan yo‘l osti kanalining qazilma ishlari bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda. 

Qurilish ishlari 2013 yilning oktabr oyida boshlangan bo‘lib, uning suratlari orqali Dubai Creek’ning 3 metrga cho‘zilgani va kanal Business Bay hamda Fors ko‘rfazini o‘zaro bog‘lab turishini ko‘rish mumkin. 

Suv yo‘li uzunligi uch metrgacha cho‘ziladi va kengligi 80dan 120 metr diapazongacha bo‘ladi.

6.  Dubayning turli yo‘nalishdagi istirohat bog‘lari

Dubayning kurort va istirohat bog‘lari rahbariyati qurilish ishlarining 17 foizi hamda ishlab chiqarish va muhandislik ishlarining esa 40 foizi bajarib bo‘linganligini xabar qildi. 

2016 yilning oktabr oyida uchta mavzuli bog‘ning ochilish marosimi o‘tkaziladi: Motiongate Dubai, Bollywood bog‘i va Legoland Dubai.

Bollywood bog‘i bilan Rajmahal teatri qurilish ishlarining 30 foizi tugatildi. Teatr 60 000 kvadrat futli sahnani o‘z ichiga olgan bo‘lib, u yerda Bollivudga oid turli chiqishlar namoyish etiladi. 

Legoland bog‘ida esa 15 000 modellardan iborat 60 millionga yaqin individual bo‘limlar tashkil etiladi. Mazkur bog‘ o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xizmat qiladi. 

7.  Deira Island

Bu loyiha orqali orolchada 750 xonaga mo‘ljallangan plyajli kurortni qurish uchun Spain’s RIU Hotels & Resorts bilan hamkorlik qilinmoqda. Uning hududi 1600 gektar maydonni o‘z ichiga olgan bo‘lib, uch gektari mehmonxona va kurortlarga, 424 gektari esa keng qirrali majmualar qurishga safarbar qilingan. Tungi savdo markazlari langar bozorlari bilan birga 1400ga yaqin restoranlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, bu yerda 30 000 kishiga mo‘ljallangan amfiteatr qad rostlaydi. 

8.  MBR City - District One 

Muhammad bin Rashid al-Maktum (MBR) shahri – birinchi hududning dasturchisi Meydan Sobha bu loyihaga 10 million dollar mablag‘ ajratilganini ma'lum qildi. Villalar qurilishining birinchi bosqichi 2016 yil o‘rtalarida, ikkinchi bosqichi esa 2017 yilda o‘z nihoyasiga yetadi. 

Vertikal yo‘nalishdagi konstruksiyalar, jumladan, 8,8 kilometrli velosiped va yugurish yo‘lakchalarida infratuzilma ishlari jadal davom etmoqda. Ayni damda qurilish 4000ga yaqin ishchini qamrab olgan bo‘lib, yaqin oylar ichida ishchilar soni 7000ga yetishi kutilmoqda.

Shaharcha 1100 gektar maydonni egallagan bo‘lib, dunyodagi eng yirik sun'iy sohil - Crystal Lagoons  va 14 metrli taxta-ko‘prikni o‘z ichiga oladi.

9.  Aladdin City 

Olovuddin va Sinbad hikoyalaridan ilhom olib yaratilgan Aladdin City loyihasini ishlab chiqish jarayonlari o‘z nihoyasiga yetish arafasida. 

2013 yilda barpo etilishi e'lon qilingan mazkur loyiha tijorat va mehmonxona maskanlarini o‘z ichiga olgan uchta katta minoradan tashkil topadi. Minoralar Dubai Creek’dan 450 metr  masofada joylashgan. Minora ko‘priklarida konditsionerlar ishlaydi, ular avtomobil yo‘llari va to‘xtash joylarni birlashtirish uchun xizmat qiladi. 

10.  Al Mamzar Beachfront

Al Mamzar plyajli loyihasining boshlang‘ich qiymati 10 milliard dirham miqdorida belgilangan. O‘n million kvadrat fut maydonni egallagan mazkur loyihada 4000ta turar-joy, 300 mehmonxonalar, 250000 kvadrat metrli savdo markazlari va o‘simliklar bilan o‘ralgan 3,5 kilometrli yo‘lovchilar uchun maxsus yo‘lakchalar barpo etiladi. 

“Biz loyiha ustida qizg‘in ish olib bormoqdamiz. Loyiha dizayni tasdiqdan o‘tdi. Ko‘plab sayyohlarni jalb etuvchi mazkur maskanning qurilish ishlari keyingi yilning boshida amalga oshiriladi”, - deydi Muxandislik va loyihalashtirish sektorining direktor bosh yordamchisi Abdulla Muhammad Rafia.

Manba: xabardor.uz

Top