16:35 / 30.03.2016
1395

EgyptAir samolyotini garovga olgan shaxs o‘z harakatlariga tushuntirish berdi

29 mart kuni Misrning EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli A320 samolyotini ichidagi kishilari bilan birgalikda garovga olgani uchun qo‘lga olingan Sayf ad-Din Mustafo o‘zining xatti-harakatiga izoh berdi. Bu haqda Cyprus Mail xabar yozgan.

Nashrning yozishicha, tergov jarayoni vaqtida o‘zini samolyotni garovga olishga undagan sabab haqida aytib o‘tgan.

"Agar kimdir oilasini, rafiqasi va bolalarini 24 yil davomida ko‘rmasdan sog‘insa, hukumat esa unga ruxsaat bermasa, nima qilish kerak?", deydi Mustafo.

Nashrning tasdiqlashicha, Kiprda Mustafoning sobiq rafiqasi hamda 3 nafar farzandi istiqomat qilmoqda.

Qayd etilishicha, u o‘zining 8 kun muddatga hibs qilinishiga e'tiroz bildirmagan. Uni sudda professional bo‘lmagan oqlovchi himoya qiladi.

Bundan tashqari, xabarda A320 samolyoti Mustafo tomonidan parvozning 15-daqiqasida garovga olingani aytib o‘tilgan. U uchuvchilarga maktub yo‘llab, o‘z talablari bajarilmasa, samolyotni portlatishi haqida bildirgan. Shundan so‘ng, Aleksandriyadan chiqqan samolyot Qohiraga emas, dengiz oshib Kiprga yo‘l olgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 mart kuni Misr vaqti bilan soat 8:30da bortida 51 nafar yo‘lovchi va 7 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan Misrning Egypt Air aviakompaniyasiga tegishli A-320 yo‘lovchi samolyoti noma'lum kimsa tomonidan qo‘lga olingan edi. Samolyot Kiprning Larnaka aeroportida majburiy qo‘nishni amalga oshirgan.

Samolyot Larnakaga qo‘ndirilgach, aviaqaroqchi ekipaj a'zolarini asir olgan holda, kelib chiqishi misrlik bo‘lgan ayollar va bolalarni samolyotdan qo‘yib yuborgan, hamda Kipr hukumatidan siyosiy boshpana talab qila boshlagan.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan u taslim bo‘ldi. Uning harakatlari natijasida jarohatlanganlar bo‘lmadi.

Kipr TIV vakili Aleksandros Zenonning bildirishicha, rasmiylar so‘roq yakunlaridan so‘ng uning terrorchi emas, ruhiy beqaror kishi ekanligi haqidagi xulosaga keldi.

Top