12:03 / 30.03.2016
1369

JSST: Ebola insoniyatga tahdid solmayapti

Ebola virusining xalqaro hamjamiyatga keng miqyosda tarqalish xavfi pasaygan. G‘arbiy Afrika mamlakatlarida tarqalgan Ebola kasalligi, endilikda xalqaro sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyat deb baholanmaydi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xabar qilgan.

"Ushbu yuqumli kasallikning turli davlatlarga tarqalish xavfi kam va kutilmagan holatlar vujudga kelgudek bo‘lsa, tashkilotga a'zo davlatlar zudlik bilan choralar ko‘ra olishadi", – deyiladi JSST bayonnomasida.

Gvineya, Liberiya va Serra-Leone hukumatlari, virusning qamrovi avvalgi miqyosda emasligini ma'lum qilgach, shunday xulosaga kelingan.

Olimlar virusning ikkita o‘ta xavfli namunasiga qarshi universal vaksina yaratgani haqida avval xabar qilingandi.

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, Ebola virusining G‘arbiy Afrika davlatlarida keng tarqalishi 11 mingdan ortiq kishining o‘limiga olib keldi. Qurbonlarning aksariyati uch davlat – Gvineya, Serra-Leone va Liberiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning oqibatida 22 ming nafar bolalar yetim qolishdi.

Top