19:03 / 30.03.2016
1424

Qozog‘iston Yevropa Ittifoqini qisqa muddatli vizalarni bekor qilishga chaqirdi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Yevropa Ittifoqini qisqa muddatga borayotgan qozog‘istonliklar uchun viza tizimini bekor qilishga chaqirgan. Bu haqda RIA “Novosti” agentligi xabar bergan.

Nazarboyev Yevrokomissiya raisi Jan Klod Yunker bilan o‘tkazgan muloqoti chog‘ida, yevropaliklar Qozog‘istonga 15 va 30 kungacha vizasiz kira olgani kabi, qozog‘istonliklarga ham shunday imkoniyat yaratib berish maqsadga muvofiq bo‘lishini aytgan.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u shuningdek, Qozog‘iston aviatsiyasi parvozlari bilan bog‘liq muammoni hal etishni so‘ragan.

Nazarboyevning aytishicha, barcha masalalar bo‘yicha tomonlar hamfikr ekanliklarini izhor qilishgan.

Avvalroq, Yevroparlament raisi Martin Shults Ukraina fuqarolari uchun vizalarni bekor qilishni ma'qullashga tayyorligini bildirgan edi.

Yevrokomissiya shuningdek, shu yilning mart oyida gruzinlar uchun vizasiz tartib joriy qilish loyihasini taqdim etgan edi.

Top