17:48 / 31.03.2016
1301

FIFA "Arsenal"ning sobiq futbolchisi Ebueni sobiq agentidan qarzi tufayli 1 yilga futboldan chetlashtirdi

FIFA "Arsenal" jamoasining sobiq futbolchilaridan biri Emmanuel Ebueni 1 yilga diskvalifikatsiya qildi. Bunga ivuarlik futbolchining o‘z sobiq agentiga bo‘lgan qarzini to‘lamagani sabab sifatida keltirilgan.

Bu boradagi munozaralar 2013 yilda boshlangandi. O‘shanda FIFA futbolchiga sobiq agenti Sebasten Buassodan bo‘lgan qarzini (aniq miqdori aytilmagan) to‘lash majburiyatini yuklagandi. 2014 yilda FIFA Axloqiy qo‘mitasi futbolchiga talabni bajarmagani uchun 30 ming frank miqdorida jarima qo‘llagan va 120 kun mobaynida qarzni to‘lamasa, agent uni 1 yilga diskvalifikatsiya qilishni talab etishga haqli bo‘lishini bildirgandi.

Ayni vaqtda "Sanderlend" a'zosi bo‘lgan 32 yoshli Ebue shu vaqtgacha Buassodan bo‘lgan qarzini to‘lamadi va agent uning futboldan chetlatilishini so‘radi. Lekin, futbolchi qarzni to‘lasa, diskvalifikatsiya bekor qilinishi mumkin.

"Sanderlend" 31 mart kuni ivuarlik bu futbolchisi bilan shartnomani bekor qilganini bildirdi. Futbolchida bu qarorga norozilik bildirish uchun 2 hafta muhlat bor.

Ebue 2005 yildan 2011 yilgacha "Arsenal" safida o‘ynagan, keyinroq "Galatasaroy" jamoasiga o‘tgandi. Joriy mavsumda u "Sanderlend"ga kelib qo‘shildi va yoshlar jamoasida bir o‘yinda maydonga tushdi.

Top