20:14 / 31.03.2016
5021

Jizzaxda bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi

Jizzaxda “Ta'lim va mutaxassislik” ko‘rgazmasi va bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika, Jizzax politexnika institutlari, viloyat xalq ta'limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, mehnat boshqarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazma oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalaridagi mavjud kasb yo‘nalishlarini aks ettiruvchi banner, buklet, plakat va boshqa targ‘ibot vositalari bilan bezatildi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan bitiruvchilarning faoliyati haqida videoroliklar namoyish etildi.

Tajribali pedagoglar, bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi mutaxassislari o‘quvchilarga kasb tanlash, ishga joylashish, o‘z biznesini boshlash bo‘yicha maslahat va tushuntirish berdi. Ta'lim muassasalari va o‘quv markazlari tomonidan mahorat darslari, biznes bilimdonligi bo‘yicha turli tanlovlar, qiziqarli viktorinalar o‘tkazildi. Biznes g‘oyalari va rejalari yuqori baholangan 36 nafar kollej bitiruvchisiga tijorat banklaridan kredit olish uchun taqdimnomalar berildi.

– Ko‘rgazma doirasida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilgani tadbirga yoshlarning qiziqishini yanada oshirdi, – deydi viloyat mehnat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akbar Fayziyev. – Yarmarkada hududdagi korxona va tashkilotlar, kichik biznes sub'yektlari o‘zlarining 300 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi.

Top