19:56 / 01.04.2016
1236

Turkiya harbiy-havo kuchlari Shimoliy Iroqda jangarilarga zarba berdi

Turkiya harbiy-havo kuchlari harbiy samolyotlari Shimoliy Iroqda Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) obektlariga zarbalar berdi, deb xabar berdi Turkiya bosh shtabi.

"Zarbalar KIPning Zap va Metina hududlaridagi obektlariga berildi va barcha nishonlar yo‘q qilindi", deyiladi xabarda.

"Shimoliy Iroqdagi Zap qarorgohiga 4ta F-16 samolyoti bilan qurol-aslaha ombori, bunker va pana joylarga zarbalar berildi. Ikkinchi hujumda 8ta F-4 samolyoti ishtirok etdi, ular tomonidan Metina hududidagi 8ta nishon, jumladan qurol-aslaha ombori va pana joylar yo‘q qilindi", deb xabar berdi bosh shtab.

Turkiya HHK Shimoliy Iroqda KIP obektlariga oxirgi marta 24 martda hujum qilgandi. O‘shanda kurdlar bazalari va qarorgohlari joylashgan Xakurk viloyatida zarbalar berilgan. 15 martdagi hujumdan keyin esa kamida 45 kurd halok bo‘lgandi.

Turkiya KIP bilan 30 yilga yaqin kurashib keladi. Bu partiya a'zolari asosan Turkiyaning janubi-sharqida harakat qiladi. Shu vaqt davomida kurdlar bilan to‘qnashuvlarda minglab harbiylar va mahalliy fuqarolar halok bo‘lgan.

31 mart kuni Diyorbakir shahrida masofadan turib avtovokzal yaqinida yo‘l chetida qoldirilgan minalashtirilgan avtomobilni portlatildi. Bu terakt uchun javobgarlikni KIP o‘z zimmasiga oldi.

Portlash politsiyachilarni olib ketayotgan xizmat avtobusi mashina oldiga kelganda amalga oshirilgan. Oqibatda 7 nafar politsiyachi halok bo‘ldi, 27 nafar kishi, jumladan, 13 nafar politsiyachi va 14 nafar fuqaro jarohat oldi.

Top