00:16 / 02.04.2016
1535

Chikagoda 400 ming o‘quvchi muallimlar ish tashlashi sababli mashg‘ulotlarni o‘tkazib yubordilar

1 aprelda AQShning Chikago shahri maktablari – AQShda yirikligi bo‘yicha 3-raqamli maktab okrugining 27 ming o‘qituvchisi bir kunlik ish tashlash o‘tkazmoqdalar. Shu sababli 400 mingga yaqin o‘quvchi mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Shahar hokimiyati bolalar kunlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun kutubxonalar va cherkovlarda 250 ta vaqtinchalik markazlar ochdi.

Chikago o‘qituvchilar ittifoqi tomonidan tashkillashtirilgan ish tashlashga shahar va shtat hokimiyatlari bilan maktab dasturlarini moliyalashtirish bo‘yicha yangi kelishuvni ishlab chiqish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarning besamarligi sabab bo‘ldi. Amaldagi kelishuvning muddati iyunda nihoyasiga yetadi.

"Biz maktablar uchun moliyalashtirishga erishmoqchimiz va ko‘zlangan maqsadga erishmagunimizcha kurashni to‘xtatmaymiz", deb aytdi o‘qituvchilar ittifoqi vitse-prezidenti Jyessi Sharki. ABC telekanalining ma'lum qilishicha, o‘z navbatida Chikago maktab okrugi boshlig‘i Forrest Kleypol ish tashlashni noqonuniy deb atadi va o‘qituvchilar ittifoqiga qarshi da'vo arizasi berish bilan tahdid qildi.

Illinoys shtati hokimiyati 10 oydan beri shtat byudjyetini tasdiqlay olmayapti, bu esa bir qator ijimoiy dasturlarning tugatilishiga sabab bo‘ldi.

Top