07:47 / 02.04.2016
1411

Ikki kishi politsiya taqibidan qochib avtomobilda AQSh harbiy-dengiz kuchlari bazasiga kirib ketdi

Ikki kishi yo‘ltanlamas mashinada Kaliforniya shtatidagi AQSh harbiy-dengiz kuchlari aviatsiya bazasi nazorat-o‘tkazish punktini buzib o‘tib, baza hududiga kirib ketdi va 60 mln dollar turuvchi qiruvchi samolyot fyuzelyajining dum qismini uzib yubordi. To‘qnashuv oqibatida avtomobil haydovchisi va u bilan birga bo‘lgan yo‘lovchi halok bo‘ldi, deb xabar berdi 1 aprelda CNN telekanali. 

Baza rahbariyati Jeep Grand Cherokee avtomobilidagi ikki kishi qanday qilib nazorat-o‘tkazish punkti to‘siqlaridan o‘tib ketganining sababini hali aniqlay olmadi. "Amaldagi xavfsizlik choralariga qaramasdan, nimadir noto‘g‘ri ketib, baxtsiz hodisa yuz berdi. Jangovar samolyotga shikast yetdi, ikki kishi halok bo‘ldi. Biz kelajakda bunday voqealar takrorlanmasligi uchun bosh qotirishimizga to‘g‘ri keladi", deb aytdi Fresno shahridagi Limur bazasi qo‘mondoni, kapitan Monti Eshliman.

Qayd etish joizki, Jeep haydovchisi va yo‘lovchi bazaga politsiya taqibidan qochib kirib ketgan. Shtat patrul-post xizmati ma'lum qilishicha, avtomobil dastlab yo‘lda mumkin bo‘lmagan joyda to‘xtab, patrul xizmatining e'tiboriga tushgan. Politsiya mashinaga yaqinlashib, yordam kerak-kerak emasligini so‘ramoqchi bo‘lganda mashina haydovchisi dvigatelni yoqib, joyidan keskin qo‘zg‘algan. Shundan keyin politsiya mashinani taqib qila boshlagan. Mashinani taqib qilish uchun bir nechta patrul mashinasi va vertolyot yuborilgan.

2015 yil may oyidan beri bazada "terrorchilik xavfi oshgani sababli" xavfsizlik choralari kuchaytirilgan edi. Bazada 15 ta F/A-18 samolyotidan iborat eskadrilya va boshqa aviatexnika joylashtirilgan.

Top