09:41 / 02.04.2016
1462

Lui van Gaal: «Biz kuchli uchlikka kirishimiz va Angliya Kubogida g‘alaba qozonishimiz mumkin»

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Lui van Gaal Angliya chempionatining 32 turida «Everton»ga qarshi kechadigan bahs oldidan mavsumning yakuniy qismi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Everton» safarda ham yaxshi o‘yin namoyish etadigan jamoa. Ular bu mavsumda safarda o‘tgan turlarda uy o‘yinlaridagidan ko‘ra ko‘proq ochko jamg‘arishdi. Bunga qoyil qolsa arziydi. Statistikaga ko‘ra bizning jamoa ularga qarshi keyingi yillarda yaxshi natijalar qayd eta olmagan. Ya'ni, «Everton» – «MYu» uchun juda qiyin raqibga aylangan, lekin oldindagi o‘yinda muvaffaqiyatga umid bildiraman.

FIFA kunlari vaqtida jamoaning faqat bir o‘yinchisi jarohat oldi, bu mening faoliyatimdagi rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

Bizda hali ham mavsumni kuchli uchlikda yakunlash imkoniyati saqlab qolingan. Biz buni uddalashimizga ishonmoqdamiz. Bundan tashqari, biz Angliya Kubogini yutishimiz ham mumkin. Buning uchun har bir o‘yinda jang qilishimiz kerak.

Umid qilamanki, oldindagi o‘yinda ham shu maqsadda maydonga tushamiz. Bu o‘yin «Man Siti» bilan bo‘lgan o‘yin kabi o‘ta muhim o‘yin bo‘ladi», — deydi van Gaal.

Qayd etish kerakki, turnir jadvalida ayni vaqtda oltinchi o‘rinda joylashgan «MYu» (50 ochko) uchinchi o‘rindagi «Arsenal»dan 5 ochko ortda bormoqda.

Shuningdek, jamoa Angliya Kubogi chorak finalidagi birinchi o‘yinda «Vest Hem» bilan durang o‘ynagan. Javob uchrashuvi safarda, 13 aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Top