18:04 / 02.04.2016
1552

Tog‘li Qorabog‘da ozarbayjonlik 50 nafarga yaqin harbiy halok bo‘lgani aytildi

2 aprel kuniga o‘tar kechasi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi hududida boshlangan nizolar paytida Ozarbayjon tomoni yo‘qotishlari 50 nafar harbiy bo‘lgan. Bu haqda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi Mudofaa vazirligiga asoslanib, "Interfaks" xabar tarqatgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan ozarbayjonlik harbiylar soni 40 nafardan 50 nafargacha.

"Hozircha bu ma'lumot tasdiqlanmagan, tekshirish ishlari olib borilmoqda", deyilgan xabarda.

Ozarbayjon tomoni ham bunday ma'lum tarqatmagan.

Armaniston Mudofaa vazirligi vakili Artsrun Ovannisyan Ozarbayjon qurolli kuchlari 2 aprel, shanbaga o‘tar kechasi Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi janubiy, janubi-sharqiy va shimoli-sharqiy yo‘nalishlarda artilleriya, zirhli texnika va aviatsiyadan foydalanib, hujumkor harakatlarga qo‘l urgani haqida ma'lum qildi.

Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligida ta'kidlanishicha, tutashuv chizig‘idagi janglardan tashqari, qo‘shni tomon harbiy qismlar joylashgan manzillar va aholi punktlariga artilleriya zarbalari bergan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirgan.

Tog‘li Qorabog‘ asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan, 1991 yili Ozarbayjondan mustaqilligini e'lon qilgan, tan olinmagan respublikadir. Rasmiy Bokuning mintaqa nazoratini harbiy yo‘l bilan qo‘lga kiritishga muvaffaqiyatsiz urinishidan so‘ng, 1994 yili, Ozarbayjon, Armaniston va Tog‘li-Qorabog‘ respublikasi Rossiya vositachiligida Bishkek sulhini imzolashgan edi.

Top