19:11 / 04.04.2016
1450

Armaniston prezidenti Tog‘li Qorabog‘da keng qamrovli harbiy harakatlar ehtimolini rad etmadi

Arman rahbari Serj Sargsyanning fikricha, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasidagi mojaro, keng qamrovli urushga aylanib ketishi mumkin, deb xabar qilmoqda, “Rosbalt” axborot agentligi prezident matbuot xizmatiga tayangan holda. 

Sargsyanning ta'kidlashicha, Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ o‘t ochishni to‘xtatish qoidasiga amal qilib, barcha qurolli kuchlarni 2016 yil 1 aprel kuni egallab turgan joylariga qaytarish fikrini ma'qullaydi. Biroq, Armaniston rahbarining aytishicha, muammoga tinch yo‘l bilan barham berishga bir tomonlama yondashib bo‘lmaydi.

Serj Sargsyan, shuningdek, Ozarbayjonni ikki davlat o‘rtasida 1994 yili imzolangan hujjat bandlariga to‘liq rioya qilishga chaqirgan. Bundan tashqari, sulhga erishish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ham zudlik bilan choralar ko‘rishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, 2 aprel tunida Tog‘li Qorabog‘da jangovar harakatlar boshlanib ketgan edi. Yerevan ma'muriyati, Ozarbayjon qurolli kuchlari, tanklar, artilleriya va harbiy samolyotlar yordamida butun chegara bo‘ylab hujumga o‘tganini ta'kidlamoqda. Boku esa,arman tomonidan aholi turar-joylari o‘qqa tutilgach, keskin choralarga qo‘l urilganini aytmoqda.

Top